“Ulugʻ baxtdir, doʻstim, yashamoq…”
5-avgust — Oʻzbekiston xalq shoiri
Abdulla SHER tavallud topgan kun
Darhaqiqat, inson uchun hayot maʼnisini, umr mazmunini, yashash saodatini anglash eng katta baxtlardan biridir. Bu baxt taʼmini bilganlar qalbida oʻtayotgan har soniyadan zavqlanish hissi yashaydi, tilidan osoyishta kunlarga shukronalik tushmaydi, yuksak orzu va maqsadlar bilan charogʻon kunlar sari qadam tashlaydi.
Abdulla Sher ijodkor sifatida ham, inson sifatida ham ana shu baxtga erishgan odamlardandir. U oʻzining otashin satrlari orqali koʻngillarga farah bagʻishlash bilan bir qatorda hayotning mohiyatini anglashga, uni sevishga, qadrlashga chorlaydi. Ishonamizki, bu chorlov hali koʻp yillar davomida yuraklarda aks-sado berib turadi.
Adib bugun umrining 81 dovonidan oshdi. Bu dovonlar oraligʻida qancha soʻz dilidan qogʻozga toʻkildi, kitoblar-u toʻplamlarga aylanib, xalqimiz qalbidan joy egalladi. Eng muhimi, ijodkorning izlanish va intilishlari, yangi ijodiy choʻqqilar sari harakatlari tinimsiz va barakali davom etmoqda. Ehtimol, inson uchun yashash baxti ham aynan shudir…
Sana munosabati bilan shoirni samimiy qutlab, unga uzoq umr, mustahkam sogʻliq, yanada yuksak ijodiy parvozlar tilaymiz!
TARJIMAI HOLIMDAN PARCHA
Asrni asrga ulab bir qatim —
Umr deb atalgan chayir ip bilan,
Oʻzni ayamadim, soʻzni ayadim,
Sheʼrni gul deb bildim, kitobni — chaman.
Zamondan zamonga oʻtarkan, yoʻlda
Qullikdan hurlikni farqlab ololdim.
Soʻzdan oʻstirganim har bitta gulda
Bahorning rangini saqlab qololdim.
* * *
Labim shivirladi tillo baldoqqa,
Baldogʻing imladi quloqlaringga.
Labim shivirladi momiq quloqqa,
Qulogʻing imladi qaroqlaringga.
Labim shivirladi olov qaroqqa,
Qarogʻing imladi yonoqlaringga.
Labim shivirladi olma yonoqqa,
Yonogʻing imladi dudoqlaringga.
Shivirlay deganda labingga labim,
Nogahon bir titrab oʻzin yoʻqotdi,
Oʻttiz yil asragan soʻzin yoʻqotdi.
Besh yil, oʻn yil, oʻn besh!.. Mana, yo Rabbim,
Lablarim har tuni labingni “siz”lar, —
Yoʻqotgan soʻzini yalinib izlar…
* * *
Ulugʻ baxtdir, doʻstim, yashamoq,
Quvonch bir yon, qaygʻular bir yon.
Goh quyoshdan chiroq yorugʻroq:
Goh sargardon, gohida giryon…
Tark etmaydi seni tuygʻular,
“Duk-duk” urmas ularsiz yurak:
Goh orzudek kuylaydi suvlar,
Goh umiddek shildirar terak.
Goh chiroqning boshini egib,
Chaqirasan yulduzni, oyni:
Mangulikning jigʻiga tegib,
Ulugʻlaysan oniy chiroyni.
Sen baxtlisan, baribir, doʻstim:
Yonginangdan yoz-u kuz oʻtar.
Shamol bilan shivirlashgan sim,
Havas bilan seni kuzatar…
Abdulla SHER,
Oʻzbekiston xalq shoiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring