Ukraina tomonidan asirga olingan shimoliy koreyalik askarlar vataniga qaytishni istamayapti
Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida jang qilgan va Ukraina kuchlari tomonidan asirga olingan ikki nafar Shimoliy Koreya askari oʻz vataniga qaytishni istamayapti. Bu haqida BILD nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 20 yoshlar atrofidagi ushbu askarlar Shimoliy Koreyaga emas, Janubiy Koreyaga koʻchib oʻtib, u yerda yangi hayot boshlash istagini bildirgan.
Aniqlanishicha, askarlar bu haqidagi istagini shu yilning oktyabr oyida yozgan maktubida maʼlum qilgan. Oʻsha paytda ular Kiyev yaqinidagi qamoqxona lagerida ushlab turilgan boʻlgan.
Askarlar tomonidan yozilgan maktub bayonini Seulda joylashgan “Shimoliy Koreyalik qochqinlar” tashkiloti rahbari oʻqib eshittirgan.
“Biz Janubiy Koreyaga borishga va u yerdagi odamlarni oilamiz va aka-ukalarimiz deb hisoblashga qaror qildik. Umid qilamizki, ular bizni qoʻllab-quvvatlashadi”, — deyiladi maktubda.
Maʼlumot uchun, shu yilning yanvar oyida, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy oʻzining “X”dagi sahifasida Ukraina qoʻshinlari Rossiyaning Kursk viloyatidagi janglar vaqtida ikki nafar shimoliy koreyalikni qoʻlga olganini eʼlon qilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring