Ukraina harbiylari qurollarni tashlab, Donbassni tark etishi shart, aks holda qon toʻkiladi — Vladimir Putin

16:46 24 Fevral 2022 Dunyo
1031 0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 24-fevral tongida Ukrainaga qarshi harbiy amaliyot boshlanganini eʼlon qildi. Putinning televizion murojaati ertalabki soat 5:55 da eʼlon qilindi. Xabarlarga koʻra, oradan bir necha daqiqa oʻtib, Ukraina hududida harbiy samolyotlarning ovozlari eshitilgan.

Vladimir Putin Ukraina harbiylariga ham murojaat qilib, qurollarini tashlashga chaqirgan. Uning nutqi tugamasdan OAVda Kiyev, Xarkov, Kramatorsk, Berdyansk va boshqa shaharlarda portlashlar sodir boʻlgani va raketa zarbalari berilgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Guvohlar, shuningdek, Donbassda isyonchilar katta kuch bilan oʻt ocha boshlaganini, butun Ukraina hududida harbiy obyektlarga hujumga qilinayotganini aytishmoqda.

“Qon toʻkilsa, bunda Kiyev aybdor boʻladi. Boshqa davlatlar bu mojaroga aralashsa, misli koʻrilmagan oqibatlarga yetaklaydi. AQSH va uning ittifoqchilari Rossiyaning talablariga koʻz yumishi Moskvani jiddiy qadamlar tashlashga majbur qildi”, deydi Rossiya rahbari.

Kremlning talabi shuki, Ukraina NATOga qabul qilinmasligi kerak va alyans Rossiyaga xavfsizlik kafolatlari berishi zarur. Kiyev va NATO bu talablarni mutlaqo rad etib, har qanday suveren davlat xohlagan blokka xohlagan paytda aʼzolikka intilishga haqli, degan pozitsiyada.

«Rossiya harbiy amaliyoti Ukrainani demilitarizatsiya qilishga majbur etishdir. Ukraina harbiylari qurollarni tashlab, Donbassni tark etishi shart, aks holda qon toʻkiladi», deydi Putin.

AQSH jarayon shunday tus olishini anchadan beri taxmin qilib kelayotgan edi.

Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy ham oʻz xalqiga murojaat qilar ekan, Rossiya iddaolariga javob qaytardi. Uning fikricha, Ukraina Rossiyaga hech qanday tahdid solmaydi. Qoʻshni agressorning bostirib kirishi oʻn minglab odamning yostigʻini quritadi, deya ogohlantirdi Ukraina prezidenti.

“Ukraina xalqi va hukumati tinchlik istaydi”, deydi Zelenskiy. U rus tilida ham Rossiya xalqiga murojaat qildi va ularni urushga qarshi namoyishlarga chiqishga chaqirdi.

Gʻarb keng koʻlamli sanksiyalar orqali Rossiyani jazolash payida. Oq uy choralar vaziyatga qarab kuchayadi, AQSH va ittifoqchilar birga qadam tashlaydi, deya eslatmoqda.

Vashington bir tomondan iqtisodiy-moliyaviy cheklovlarga zoʻr bermoqda, ikkinchi tomondan esa diplomatiyaga. BMT, Yevropa Ittifoqi, NATO, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va ularga kiradigan davlatlar vaziyat qanchalik ogʻirlashmasin, tomonlarni muzokaraga chaqirmoqda.

Abduvali SOYIBNAZAROV, xalqaro sharhlovchi.

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер