Uxandan qaytgan oʻzbekistonliklar ham karantindan chiqarildi. Ularda ham virus aniqlanmadi

12:13 19 Fevral 2020 Jamiyat
1396 0

Xitoydagi vatandoshlarimizni olib kelish uchun 4-6-fevral kunlari tashkil etilgan uchta charter reyslaridan bittasi bevosita koronavirus infeksiyasi oʻchogʻi boʻlgan Uxan shahridan tashkil etilgan edi.

 

Boshqa reyslardagi kabi ushbu reysga ham malakali infeksionist va epidemiolog mutaxassislar jalb etilib, parvoz oldi va parvoz davomida olib kelinayotgan fuqarolarning salomatligi tibbiy kuzatuv ostiga olindi. Parvoz davomida yoʻlovchilar orasida tana harorati koʻtarilgan va sogʻligʻida oʻzgarishlar boʻlgan fuqarolar aniqlanmadi.

 

Uxan shahridan Toshkent xalqaro aeroportiga qoʻngan mazkur reysda 84 nafar fuqaro, shu jumladan, 5 nafar Qozogʻiston Respublikasi fuqarosi kelishdi. Shundan 61 nafari erkak, 20 nafari xotin-qizlar va 3 nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Yoʻlovchilar maxsus avtobuslarda koronavirusning Oʻzbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni taʼminlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida Toshkent shahridagi 6-son klinik shifoxonasiga olib borib, joylashtirildi.

 

Bugun ushbu davolash muassasasida joylashtirilgan 84 nafar fuqaro karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatildi.

– Ochigʻi, Xitoyning Uxan shahri koronavirus infeksiyasining oʻchogʻi boʻlgani bois judayam xavotirga tushgan edik. Shunday qaltis vaziyatda davlatimiz tomonidan oʻz fuqarolariga koʻmak bergani bizni judayam gʻururlantirdi, – deydi toshkentlik Doniyor Ubaydullayev. – Biz joylashgan shifoxonada tibbiy tekshiruv, yashash va boʻsh vaqtimizni mazmunli oʻtkazish uchun barcha sharoit yaratilgan ekan. Ayniqsa, tibbiyot xodimlarining 14 kun davomida fidoyilik bilan, kecha-yu kunduz faoliyat yuritishgani bizni hayratga soldi. Vatanparvarlik va oʻz kasbiga sodiqlik borasida jonkuyar shifokorlar haqiqiy namuna boʻla olishdi. Beminnat koʻmagi uchun ularga katta rahmat.

 

Mazkur shifoxonada 110 ta oʻrin tayyorlangan boʻlib, tibbiy kuzatuv olib borish uchun tegishli tibbiy jihozlar va zarur dori vositalari bilan taʼminlandi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Uxandan olib kelingan fuqarolarimiz 14 kun davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qatʼiy karantin holatida saqlandi. Karantin davrining boshi va oxirida 84 nafar fuqaro ikki marta koronavirus infeksiyasi bor yoʻqligini aniqlash boʻyicha virusologik laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazildi. Tahlil natijalari biror fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi yoʻqligini aniqlab berdi.

 

– Uxanda oilaviy yashardik. Turmush oʻrtogʻim universitetda dars beradi. Koronavirus infeksiyasini eshitganimizda avvaliga shokka tushib qoldik. Ikki nafar farzandlarimiz bilan uydan chiqmaslikka harakat qildik, – deydi fargʻonalik Madina Xudoyqulova. – Eʼtiborli jihati, elchixona xodimlari bizni yoʻqlab, doimiy ravishda xol-ahvol soʻrab turishdi. Keyin evakuatsiya qilishlarini aytishganda rosa quvonganmiz. Chunki hamma davlatlar ham Xitoydan oʻz fuqarolarini olib chiqib keta olishmadi. Uxan shahridagi evakuatsiya jarayonida birinchi boʻlib yurtimiz shifokorlari bizni qarshi olib, tibbiy koʻrikdan oʻtkazishgach ancha xotirjam boʻldik. Karantin davrida ham shifokorlarimiz bizga juda yaxshi qarashdi. Endilikda koʻtarinki kayfiyat bilan ota-onamiz, yaqinlarimiz bagʻriga shoshyapmiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер