Uddaburon piskentliklar

13:40 15 May 2020 Jamiyat
1914 0

Toshkent viloyatida dehqon, fermer xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari yetishtirgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari hududdagi bozorlar rastalarini turli xil meva-sabzavotlar, koʻkatlar bilan muttasil taʼminlashga asos boʻlmoqda.

Jumladan, Piskent tuman hokimining 2020-yil 13-fevraldagi “Dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalari yer uchastkalaridan yana-da samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida 3275 gektar tomorqa maydonlarining 1509 gektarida ertaki sabzavot-poliz mahsulotlari, kartoshka hamda dukkakli ekinlardan rejadagi hosil yetishtirildi. Ayni paytda tomorqalarning 1 319 gektarida oʻrtaki ekinlar parvarishlanyapti.

Bu hududda azaldan uddaburon dehqonlar, yerga va daraxtga mehr qoʻyib, olma, gilos, shaftoli, anjir, olxoʻri, uzum singari sarxil noz-neʼmatlar yetishtiruvchi bogʻbonlar sulolasi istiqomat qilib keladi. Tomorqa yerlari bugungi pandemiya sharoitida har bir oilaning moddiy manfaatdorligi asosi ekanligini takror isbotlanmoqda. Shu bois, xonadonlarda bola-baqrasi bilan mehnat qilib, 5-10 sotix yerdan bir yilda 2-3 marotaba hosil olayotgan kishilarni istagancha topasiz. Dehqonchilik madaniyatini yaxshigina oʻzlashtirgan bu odamlarning koʻpchiligi asosiy ish joyiga ega boʻlishsa-da, tomorqaga mehr qoʻyib, erta tongdan ter toʻkib mehnat qiladigan kishilar. Kechki payt ishdan qaytgach esa, yana hovlidagi ketmonu belkurak bilan tillashadi.

Birgina “Birlik“ mahallasidagi 869 xonadonning 550 tasida shaxsiy tomorqa xoʻjaligi rivojlantirilgan. Anvar Obidovning asli kasbi shifokorlik. U oliy toifali vrach-anesteziolog. Hovlisidagi har bir qarich yerdan unumli foydalanadi.

—Otam fizika fani oʻqituvchi boʻlganlar, — deydi Anvar Obidov.—Lekin hech qachon oliy maʼlumotliman, dehqonchilikni bilmayman, deb, qoʻl qovushtirib turmaganlar. Aksincha, bizlarga ham ketmon tutqazib, yoshligimizdan mehnatga muhabbat qoʻyishni, dehqonchilik sir-asrorini qunt bilan oʻrganib, turmush qiyinchiliklariga sabr-bardoshli boʻlishni oʻrgatganlar.

U otasining oʻgitlariga amal qilib kam boʻlmadi. Hovlining 8 sotixiga qurilgan issiqxonada bulgʻor qalampiri, pomidor, gulkaram yetishtirib yil davomida yaxshigina daromad olyapti.

Mahallaning Navbahor koʻchasidagi 38-uyda yashovchi Fazliddin Ahrorov esa “Mikrokreditbank“ ATBning tuman filialidan 25 million soʻm kredit olib, tomorqasidagi 14 sotix maydonga issiqxona qurdi. Bahor boshlanmasidan bozorga bulgʻor qalampiri chiqardi. Har kuni 1 million soʻmlik mahsulot sotdi. Bugun 5,5 gektarda esa sabzavot ekinlari pishib yetildi.

Mahalladagi Yigitali Sodiqov xonadoniga kirsangiz koʻzingiz quvonadi. Hovlidagi 8 sotixli issiqxonada ishkomga tortilgan ertapishar “Namangan chillaki“siga havasingiz keladi. Uning ostiga esa did bilan ekilgan qulupnay bugun bozorning oldi mahsuloti. Limon, mandarin koʻchatlari ham shu tok ostida parvarishlanmoqda.

Feruza Mahkamova esa 8 sotixli tomorqasida gulchilik bilan shugʻullanadi. Chogʻroqqina issiqxonada 20 xil gullar chamandek ochilib yotibdi. U turmush oʻrtogʻi Zokirjon bilan halol mehnati orqasidan yangi uy-joy koʻtarib, “COBALT” va “DAMAS” rusumli avtoulovlar xarid qilishdi. Bu xonadonga nafaqat Piskentdan balki, Olmaliq, Ohangaron, Nurafshon va Boʻka tumanlaridan ham keluvchi xaridorlarning qadami uzilmaydi.

Shu bois azaldan odamlar orasida piskentliklarga nisbat berishganda: “Chapdast va uddaburon xalq”- degan ibora ishlatiladi. Chunki, bugungacha nomlari mashhur boʻlgan alp kelbatli polvonlarni tarbiyalagan ilk murabbiylari ham aslida halol mehnat qilib rizq topish uchun qoʻliga ketmonu oʻroq, tok qaychiyu bosqon tutqazgan mehribon ota-onalaridir. Piskentliklardagi bu fazilat bugun ham anʼana sifatida davom etmoqda.

Tumanning “Novkent“, “Navoiy“, “Birlik“, “Gʻayrat“ mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qilayotgan dehqonlar tomorqasidan yiliga 3-4-martagacha hosil olishga erishyapti.

Koronavirus sababli joriy qilingan karantin sharoitida aholini ijtimoiy mehnat bilan muttasil taʼminlash hamda roʻyxati shakllantirilgan kambagʻal oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida tuman hokimligi tomonidan fuqarolarning tomorqa maydonlarida yeriga ishlov berish, har bir xonadonni urugʻlik va koʻchat bilan taʼminlash, kichik hajmli issiqxonalar qurib berish boʻyicha muayyan ishlar qilinmoqda. Tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan ajratilgan subsidiyalar asosida ayni vaqtgacha 30ta xonadonga 1-1,5 sotixli issiqxonalar qurib berildi. Ushbu loyiha yana 60 ta xonadonda amalga oshiriladi.

Shodiyor MUTAHAROV,

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер