Uchkoʻprikda sobiq bitiruvchilar maktab uchun yangi bino qurmoqda

12:34 28 Oktyabr 2022 Jamiyat
607 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida hashar yoʻli bilan maktab uchun yangi oʻquv binosi barpo etilmoqda

“Zigʻir” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 39-umumtaʼlim maktabi 220 oʻringa moʻljallangan boʻlib, ayni paytda bu yerda 438 nafar oʻquvchi ikki smenada tahsil olayotir. Sinfxonalari yetishmasligi sababli oʻqituvchi va oʻquvchilar moslashtirilgan xonalarda dars oʻtishga majbur.

— Taʼlim dargohi oʻtgani asrning yetmishinchi yillarida qurilgan, — deydi maktab direktori Oʻgʻilchaxon Karimova. — 2008-yili joriy taʼmirdan chiqarilgan, bilim maskanimiz bugungi kun talablariga javob bermasligi bor gap.

Yaqinda maktabni turli yillarda tamomlagan bitiruvchilar birlashib, hashar yoʻli bilan yangi bino qurish tashabbusini ilgari surishdi. Bu ezgu tashabbus Uchkoʻprik tumani hokimligi va xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

— Hozirda maktabning 1982-yili hashar yoʻli bilan qoʻlbola usulda qurilgan eski binosi buzilib, oʻrnida ikki qavatli zamonaviy binoni barpo etish ishlari sakson foizga bitkazildi, — deya davom etadi Oʻ. Karimova. — Pardozlash jarayoni yakuniga yetkazilgach, oʻquvchilarimizga qulay sharoitlar muhayyo qilinadi.

Asosiysi, qariyb 2 milliard 500 million soʻm mablagʻ evaziga bunyod etilayotgan qoʻshimcha bino foydalanishga topshirilishi natijasida maktabda bir vaqtning oʻzida 440 nafar oʻquvchiga taʼlim berish imkoniyati yaratiladi.

Taʼkidlash joizki, ushbu maktab oʻquvchilarining bilim darajasi chakki emas. 2021-2022 oʻquv yilida taʼlim maskanini bitirgan 39 nafar oʻquvchining 19 nafari oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻldi. Ularning 10 nafari davlat granti asosida oʻqimoqda.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер