Uch hududda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi fosh qilindi
Tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron shahri boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda muqaddam sudlangan fuqaro J.O. “Fayzobod” MFY hududidagi omborxonada umumiy bahosi 280,9 mln soʻmlik 3 372 dona chet elda ishlab chiqarilgan “Velo” nomli tamaki mahsulotini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Chilonzor tumani boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.
Unga koʻra, fuqarolar E.N. va M.N. tegishli hujjatlari boʻlmagan jami 242 dona “WAKA” nomli elektron tamaki mahsulotini fuqaro M.H.ga 40 mln soʻm va 1 700 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Shuningdek, Departamentning Oltinkoʻl tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro I.R. savdo doʻkonida chet elda ishlab chiqarilgan 714 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotuvga qoʻyganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring