Uch avlod uchrashuvi

08:42 26 Avgust 2021 Jamiyat
10542 0

Tarix, bugun va kelajakni oʻzida mujassam etgan bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida goʻzal anʼanaga aylandi. Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida oʻtkazilayotgan anjuman navoiyliklarni ham shukuhli muhitda birlashtirdi.

Oʻzaro suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak eʼtibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir aʼzosiga gʻamxoʻrlik, mehr-oqibat koʻrsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani bot-bot taʼkidlandi.

Yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlarimiz hayoti va mehnat faoliyati davomida toʻplagan boy tajribasi, yoshlik davridagi oʻziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida koʻrsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida oʻz dil soʻzlarini, samimiy fikrlarini bildirdi. El-yurt ravnaqi yoʻlida mamlakatimiz rahbariga yaqin koʻmakchi, kamarbasta boʻlish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz oʻrtasida kechgan samimiy suhbatlar bosh mavzusiga aylandi.

Shu maʼnoda, xayrli tadbir ishtirokchilari avvalambor viloyat markazida tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi muazzam xiyobonda boʻlib, ulugʻ mutafakkir bobomiz haykali poyiga gulchambar qoʻyganida ham katta hikmat bor aslida. Butun maʼrifiy olam hamisha yuksak hurmat va ehtirom koʻrsatadigan buyuk ajdodimiz nomi bilan yuritiladigan vohada yashash va mehnat qilish ulkan sharaf va ayni paytda katta masʼuliyat ekani, hazratning hayotiy aʼmoliga aylangan chin insoniy gʻoyalarni qalbga jo etish va boshqalarni ham shunga boshlash har bir navoiylik, ayniqsa, yosh avlod vakillarining burchi ekani aytib oʻtildi.

Yangilanish, el-ulus farovonligi yoʻlida bir bahya ham tinmasdan tadbir koʻrish ulugʻ shoir hayoti va ijodi tub mohiyatini tashkil etadi. Shu borada viloyatda keyingi yillarda roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlar, bu yangilanishlarning magʻzini chaqish, mazmunini ongu qalb bilan anglab yetish yuzasidan kechgan muloqotlar yangi tashkil etilgan Yoshlar xiyoboni bilan tanishuv chogʻida ham davom etdi.

Yaqin-yaqingacha yantoq bosib, qarovsiz va xaroba boʻlgan mazkur hudud bugungi kunda obodlikka yuz tutgani, Navoiy bobomiz orzusidagi kabi soʻlim maskanga aylanganidan yoshu qarining qalbida oʻzgacha gʻurur va havas uygʻondi.

Yangi Oʻzbekiston manzarasini yorqin ranglarda ifoda etadigan koʻcha va xiyobonlar, zamonaviy uy-joylar, turli ijtimoiy obyektlar bilan tanishuvlarning har biri olam-olam taassurotlar uygʻotdi.

Mamlakatimizning boshqa hududi yoki xorijdan Navoiyga keladigan mehmon borki, albatta Nurota tumanidagi “Chashma” tarixiy-meʼmoriy majmuasini ziyorat qilishga harakat qiladi. Navoiylik uch avlod vakillari ham ana shu ezgu anʼanaga binoan mazkur tabarruk maskanda boʻlib, bu yerda mangu qoʻnim topgan ajdodlar xotirasini yodga olishdi.

Sir emas, avvallari maʼlum muddat ushbu qadamjo eʼtiborga muhtoj boʻlib qolgan edi. Davlatimiz rahbari 2017-yilda viloyatga tashrifi doirasida Nurota tumanida boʻlib, Chashma atrofida istiqomat qiluvchi mahalliy aholi vakillari bilan muloqoti davomida ushbu ziyoratgohning asl qiyofasini saqlagan holda, uni restavratsiya qilish, uning atrofida ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish, zamonaviy mehmonxonalar, savdo rastalari barpo etish boʻyicha tegishli topshiriq va koʻrsatmalar bergan edi. Shundan keyin qisqa fursat ichida “Chashma” majmuasi tanib boʻlmas darajada oʻzgardi, chiroy ochib, odamning havasini tortadigan goʻzal maskanga aylandi. Majmua keyingi yillarda xalqaro darajadagi koʻplab nufuzli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga ham mezbon boʻldi.

Majmuada ana shu mazmunda kechgan muloqotlar barcha ishtirokchilar, ayniqsa, unib-oʻsib kelayotgan yoshlar xotirasida oʻchmas iz qoldirdi.
Navoiyliklar har gal Prezidentimizning viloyatga tashrifini intizorlik bilan kutishadi. Negaki, davlatimiz rahbari har bir tashrifida hudud geografiyasi, iqlim sharoiti va iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, hech kim kutmagan, xayoliga ham kelmagan yangidan-yangi innovatsion gʻoya va istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun poydevor yaratadi. Bu esa viloyat ahliga katta ruh, katta shijoat bagʻishlaydi. Xususan, 2019-yilgi tashrif doirasida Nurota tumani tarkibidagi Gʻozgʻon qoʻrgʻoniga viloyat boʻysunuvidagi shahar maqomini berish taklifi ilgari surilgani gʻozgʻonliklar hayotida unutilmas voqea sifatida muhrlandi. Yaxshi bilasiz, bir paytlar Gʻozgʻon oʻzining yer osti boyliklari bilan jahonga yuz tutgan edi. Ayniqsa, marmar va granit plitalari ishlab chiqarishda dunyoning uncha-muncha korxonasi bahslasha olmas edi. Koʻp yillar hudud eʼtibordan chetda qolganligi sababli bu kabi loyihalar inqirozga yuz tutdi. Ishlab chiqarish korxonalari taqdiri bilan hech kim qiziqmay qoʻydi. Shavkat Mirziyoyevning yuksak eʼtibori bilan Gʻozgʻonda yangicha hayot, yangicha taraqqiyot sahifalari yuz ocha boshladi. Hududda azaldan sangtaroshlik va toshtaroshlik hunari mavjud boʻlgani bois endilikda tadbirkorlik faoliyati sifatida jadal rivojlanyapti. Hozir Gʻozgʻondagi marmar zavodlarida koʻplab yoshlar xorijiy texnologiyalarni oʻz qoʻllari bilan boshqarib, marmar va granit plitalari ishlab chiqarish orqali mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
2019-yilda faoliyat boshlagan «Marmarobod» korxonasi ana shunday yirik ishlab chiqarish quvvatlaridan biri boʻlib, hozir bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qanoatlantirmoqda, balki jahon bozorida ham oʻz xaridorlarini topib ulgurdi. Ayni chogʻda 50 nafardan ortiq yoshlar bandligi taʼminlangan.

Uchrashuv ishtirokchilari Marmarobod korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bugun ulkan qurilish maydoniga aylangan Oʻzbekiston qurilish industriyasida mazkur korxona mahsulotlaridan foydalanilayotgani gʻozgʻonliklarda oʻziga xos gʻurur uygʻotishini mamnuniyat bilan eʼtirof etishdi. Bugun ular oqqan daryo yana koʻz ochganidan mamnun. Mehmonlarning hayratu havasi, mezbonlarning esa yangi istiqbolli loyihalar xususidagi rejalari samimiy suhbat davomida oʻz aksini topdi.

Konimex tumanidagi ekoturizm markazi. Mazkur obyekt ham keyingi yillarda mamlakatimiz naqadar yuqori surʼatlarda rivojlanib borayotgani, yangi-yangi sohalarga asos solinayotgani toʻgʻrisida yorqin taassurot paydo qiladi. Nega deganda, avvallari olis choʻl hududlarida bu singari maskanlarning boʻlishi haqida tasavvur qilish qiyin edi. Ammo aniq maqsad va unga erishishning puxta oʻylangan taktika va strategiyasi muvaffaqiyat kaliti boʻla oladi. Mazkur sayyohlik markazi ham mamlakatimizda turizm sohasiga qaratilayotgan diqqat-eʼtibor samarasi. Bu yerda mahalliy va xorijlik sayyohlar hordiq chiqarishi, turli millat vakillarining urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishish mumkin. Choʻl mintaqalariga xos, ming dardga shifo boʻladigan tuya sutidan tayyorlangan ichimliklardan tatib koʻrish mumkin. Uzoq hududlarda bu kabi xizmat koʻrsatish turlarining kengayib borayotgani nafaqat turistik salohiyatning oshishi, shu bilan birga, qoʻshimcha ish oʻrinlari, tadbirkorlar safi kengayishiga ham xizmat qilmoqda. Xullas, Bir necha yil ilgari biyday dala boʻlgan hududda barpo etilgan zamonaviy sayyohlik majmuasi oʻzining navbatdagi mehmonlarini izzat-ikrom bilan yuksak saviyada kutib oldi.

Ellikdan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilayotgan viloyat madaniy rang-barangligi, fuqarolar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari, ahil-inoqlik muhiti ishtirokchilarni oʻziga xos koʻtarinki muhit bagʻriga olib kirdi.

Ochiq osmon ostida tashkil etilgan oqshom nafaqat sahro oʻrtasidagi rangin favvoralar jilosi bilan, balki dilkash suhbatlar, xayrli amallar bilan barchaning xotira daftariga muhrlanadigan boʻldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyatda hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilgan islohotlar natijalari, odamlarimiz hayotida roʻy berayotgan beqiyos oʻzgarishlar haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyishi orqali navoiyliklar oʻtgan besh yil mobaynida mamlakatimiz, qolaversa, oʻz hayotida sodir boʻlgan oʻzgarishlarga yana bir bor tahliliy nazar tashladi. 
Yangi Oʻzbekiston tarixining oʻtgan besh yili haqida oʻylasak, yangilanishlar shiddati va taraqqiyot odimidan vaqt tezlashgandek tuyuladi, goʻyo. Shu qisqa vaqt ichida Navoiy viloyatida ham 30-40 yillab yechimini kutib yotgan muammolar barham topdi, katta marralar olinib, odamlarni hayotdan rozi boʻlishiga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish va bunyodkorlik, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy sohalarda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishilmoqda.

Prezidentimizning olis va chekka, koʻpmillatli aholi maskanlarini rivojlantirishga qaratayotgan doimiy eʼtibori, viloyatga tashriflari chogʻida bunday hududlarda yashovchi aholi vakillari bilan uchrashuvlarda bergan topshiriqlari tufayli Juzquduq, Qulquduq, Oʻtamurod, Keregetov, Chuya singari yuzlab qishloq va ovullar qiyofasi, u yerlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz dunyoqarashida tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Ayniqsa, bunday hududlarda yashovchi yoshlar uchun turli sohalarda alohida imtiyozlarning joriy etilgani ular oldida katta imkoniyat eshiklarini ochib berdiki, bundan ularning minnatdorligi cheksiz, albatta.

Umuman, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari, boshqa qator loyihalar amalga oshirilayotgan natijasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi qishloq va mahallalar qiyofasi oʻzgarmoqda, xalqning roziligiga erishilmoqda. Rozilik boʻlgan joyda esa baraka, muvaffaqiyat boʻladi.
Jonajon Oʻzbekistonimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik muhitini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, bunday bebaho boylikni muttasil mazmunan boyitib borish masalalari anjumanda soʻzga chiqqanlar nutqida, dasturxon atrofidagi gurunglarda, ijro etilgan kuy-qoʻshiq va raqslarda ham alohida ajralib turdi. Ona Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida bir musht boʻlib, davlatimiz rahbariga tayanch va suyanch boʻlib, yashash, mehnat qilish, kelgusi avlodlarni shu ruhda kamol toptirish muqaddas burch ekani bir ovozdan baralla yangradi.

Oʻzbekiston Qahramonlari, vatanimizning boshqa yuksak mukofotlariga loyiq koʻrilgan turli soha vakillari, ibratli hayot yoʻlini bosib oʻtgan otaxon va onaxonlar, jamoatchilikning taniqli namoyandalari, yoshlar vakillari. Ularning mana shunday shukuhli kun, fayzli oqshomda birga kechgan onlari, olgan olam-olam taassurotlari fotosuratlarga muhrlandi. Chunki aynan shu kechada barcha uchun yangi marralar belgilab olindi, Yangi Oʻzbekiston uchun yangi tashabbuslar, gʻoyalar ilgari surildi. Ular esa shubhasiz real hayotiy natijalarga aylanib, yurtimizni taraqqiyotning yanada baland choʻqqilariga olib chiqishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер