Uch asr bilan yuzlashgan momo shukronasi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Buvayda tumanining “Qoraqum” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi azaldan tomorqada dehqonchilik bilan shugʻullanib, qoʻshimcha ravishda hunarmandchilik, chorvachilik tarmoqlaridan ham daromad oladi.
Aytish joiz, bugungi kunda mingdan ortiq oilada 4422 nafar aholi istiqomat qiladi va ularning orasida mahalla fayzi boʻlgan oʻnlab 80-90 yoshli nuroniylar bor. Agar taʼbir joiz boʻlsa, ushbu mahallada nafaqat yurtimiz, balki dunyodagi eng yoshi ulugʻ insonlardan biri Huvaydo momo Umarova yashaydi.
Mahalla faoli Oʻktamoy Isaqovaning qayd etishicha, oʻsha davrda masʼul idoralar faoliyati bugungidek ravnaq topmagani nuqtayi nazaridan onaxonning yoshida biroz xatolik boʻlishi ehtimoli yoʻq emas. Ammo ushbu hamyurtimizning chindan ham uzoq umr koʻrish baxtiga sazovor boʻlgani ayni haqiqatdir. Chunki ushbu sulolada bir asr va undan ham koʻproq yashagan bir necha insonlar bor. Shu bois yurtimizning genetik olimlari sulolaning uzoq umr koʻrish omillarini oʻrganish boʻyicha dastlabki saʼy-harakatlarga kirishishgan.
“Nuroniy” jamgʻarmasi Buvayda tumani boʻlimi raisi Izzatilla Enazarovning aytishicha, Huvaydo Umarovani Ginnes rekordlari kitobiga kiritish uchun mutaxassislar taklif etilgan. Shu tariqa mazkur xonadonda onaxon bilan yuzma-yuz suhbatlar oʻtkazilib, jarayonga astoydil kirishilgan edi. Lekin qandaydir sabablar bilan xayrli ish toʻxtab qoldi.
Momoning boshida parvona kenja farzandi Toʻraqul aka va kelini Dilorom opa ham mehnat faxriysi. Tibbiyot sohasida faoliyat koʻrsatuvchi nabira kelini Dildoraxon hamisha sogʻligini nazorat qiladi. Onaxon uchun barcha zamonaviy sharoitlar muhayyo qilib berilgan.
— Keyingi yillarda biroz xotirasi pasayib, gapirishga qiynalsa-da, baʼzan oʻlanlar, laparlarni qoyilmaqom tarzda xirgoyi qiladi, —deydi kenja farzandi Toʻraqul Umarov. — Qishloq xoʻjaligidagi mehnat faoliyati, tuman tarixi, mashhur insonlari haqida maroqli hikoyalar soʻzlab beradi. Dorilamon kunlarga yetkazgani uchun tilidan shukronasi tushmaydi.
Darhaqiqat, Huvaydo momo Umarova pasportida tugʻilgan sanasi 1895-yil sifatida koʻrsatilgan. Shu maʼnoda, uch asr bilan yuzlashgan onaxonning hayoti havas qilishga arziydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring