Tuula Yuryolya: Oʻzbekiston oʻz vaqtida tashabbus koʻrsatdi va muhim mavzuni muhokama qilish uchun xalqaro hamjamiyatni birlashtirdi

12:33 17 Avgust 2020 Jamiyat
892 0

Joriy yilning 12-13-avgust kunlari “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida inson huquqlari boʻyicha Samarqand onlayn forumi boʻlib oʻtdi. “Dunyo” AA muxbiri ushbu tadbirda ishtirok etgan YEXHTning nizolarning oldini olish markazi direktori, YEXHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi, elchi Tuula Yuryolya bilan suhbatlashdi.

– Yuryolya xonim, oʻtgan hafta siz yoshlar masalalariga bagʻishlangan inson huquqlari boʻyicha Samarqand onlayn forumi ochilishida nutq soʻzladingiz. Forum haqidagi taassurotlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

– Forum ishtirokchilarini Internet orqali boʻlsa-da, qarshi olish yoqimli boʻldi. Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi sifatida mamlakatingizda boʻlganman. Shuni aytishim mumkinki, Samarqandda boʻlish va uning goʻzalligidan bahramand boʻlishni yana istardim.

Ishtirokchilar saviyasi, koʻlami va soni meni hayratga soldi. Forum turli mamlakatlar va tashkilotlardan eng yaxshi tajriba va bilimlarni baham koʻrish uchun ishtirokchilarni jalb qilish imkonini berdi.

Forumdagi ishtirokimdan aytishim mumkinki, kun tartibida koʻtarilgan masalalar dunyo miqyosida tobora global xarakterga ega boʻlib bormoqda, qamrovli xavfsizlik uchun yosh yigit va xotin-qizlarni jalb qilish zarurati tugʻilmoqda.

Men ushbu tashabbus, shuningdek, Oʻzbekiston va tashkilotchilarni forumning turli avlod vakillarini birlashtirgan keng qamrovli tadbirga aylantirishgani va xalqaro hamjamiyatni ushbu muhim mavzuda muvaffaqiyatli birlashtirishgani bilan qutlayman. Onlayn uchrashuv pandemiya sharoitida ham qiyinchiliklarni imkoniyatlarga aylantirish mumkinligini namoyish etdi.

– Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hozirgi kunda Samarqand rezolyutsiyasi ustida ishlamoqda. Forum natijalari haqida qanday fikrdasiz?

– Eng muhimi, forum ushbu mavzu boʻyicha dunyo xabardorligini oshirdi va ishtirokchilarga xavfsizlikning barcha jihatlarida yoshlarning oʻrni doim tan olinishini namoyish etuvchi eng yaxshi tajribalar bilan oʻrtoqlashish imkonini berdi. Yoshlarni ushbu jarayonlarga jalb qilish ularning shunchaki ishtirokchi maqomini anglatmaydi, balki tinchlik va xavfsizlik kafolatidir.

Oʻzbekistonning har ikki yilda bir bor anʼanaviy tarzda Inson huquqlari boʻyicha forumni oʻtkazishni rejalashtirgani va navbatdagi forumni 2022-yilda oʻtkazish haqida maʼlum qilganidan mamnunman va unda bevosita ishtirok etishni istardim.

Samarqand rezolyutsiyasi ushbu tadbir ruhini aks ettiruvchi, yoshlar va xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini oʻz ichiga olgan muhim hujjatdir. Tadbirda, shuningdek, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya loyihasi va Oʻzbekistonning ushbu Konvensiyani ilgari surishdagi roli muhokama qilindi.

– YEXHTning Oʻzbekiston yoshlar dasturini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish istiqbollari haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

– YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi faoliyati tufayli qator loyihalar amalga oshirilib, mamlakat yoshlari kun tartibi qoʻllab-quvvatlanmoqda. Masalan, Toshkent shahridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda 2020-yilning sentyabr oyida Oʻzbekistonda birinchi boʻlib YEXHT Modeli tashkil etilmoqda. Ushbu tadbir kelajakda qaror qabul qiluvchilarga koʻp tomonlama va xalqaro muzokaralar qanday ishlashini tushunishga imkon beradi.

Muvofiqlashtiruvchi idora yoshlarning raqamli va axborot texnologiyalari boʻyicha tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlaydi. 2021-yilda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan birgalikda yoshlar huquqlari boʻyicha elektron kursni ishlab chiqish boʻyicha yangi tashabbusni boshlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi “IT Park Uzbekistan” axborot texnologiyalari parki va Oʻzbekistondagi ishbilarmon ayollar uyushmasi bilan hamkorlikda oʻzini-oʻzi ish bilan taʼminlayotgan yosh xotin-qizlar va tadbirkor ayollarning oʻz mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri xaridorlarga sotish uchun raqamli platformani yaratish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirmoqda. Ular YEXHT majburiyatlariga muvofiq va Bola huquqlari boʻyicha Ombudsman bilan birgalikda YEXHT mintaqasidagi boshqa davlatlar uchun bilim va ilgʻor tajribani taqdim etadigan jinoyatlarning oldini olish milliy strategiyasini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlaydilar.

Shuni aytishim mumkinki, YEXHT Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyor. Imzolangan “Yoʻl xaritasi” faoliyatimiz uchun qoʻllanma boʻlib xizmat qiladi.

YEXHT yoshlarga nisbatan majburiyatlar boʻyicha yetarli tajribaga ega va tashkilotga aʼzo davlatlar xavfsizlikning har uch yoʻnalishi boʻyicha YEXHT majburiyatlarini bajarishda, shuningdek, tinchlik, hamjihatlik, adolat, ishonch va yarashishni qoʻllab-quvvatlashda yoshlar rolini eʼtirof etishgan.

Yoshlarni jalb qilishni doimiy ravishda ragʻbatlantirish keng qamrovli xavfsizlikni taʼminlaydi, bu YEXHTning asosiy maqsadidir. Biz bu borada Oʻzbekiston va boshqa barcha ishtirokchi davlatlar bilan birgalikda ishlashdan mamnunmiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер