Tutqatorda qolgan bolalar

21:13 23 Fevral 2021 Jamiyat
1568 0

– Dadasi, yuring, tutqatorga borib kelaylik, – dedi Sohiba opa gʻira-shira saharmardonda.

– Qoʻysang-chi, qachongacha xomxayollar bilan yurasan a? – dedi turmush oʻrtogʻining jahli chiqib. – Kim senga bolasini tashlab ketadi huvillagan dalaga?

– Chiqmagan jondan umid, borib koʻraveraylik, – yalingannamo soʻradi koʻziga yosh toʻlib. – Axir, shuncha yugurdim mehribonlik uyidan bola asrab olaman, deb. Bari behuda ketdi. U yerlardan bolani qoʻlingga tutib chiqishning oʻzi boʻlmas ekan.

– Eh, ahmoq xotin a! Mening toʻrtta oʻgʻlim kamlik qilyaptimi senga. Boshqa bolaning keragi yoʻq menga. Oʻzingni oʻtga-choʻqqa urib nima qilasan?! – Akmal aka ichida oʻyladiyu, tashiga chiqarmadi. Ayadi.

Sohiba opa bu xonadonga kelganida yigirma toʻrt yoshda edi, turmush oʻrtogʻining kenja oʻgʻli Azizbek maktabga chiqqandi. Oradan yillar oʻtib, toʻrt azamatni er-xotin uyli-joyli qilishdi. Quchoqlari shirindan-shakar nevaralarga toʻlib ketdi. Yetimlarning boshini silasam, Xudo siylab, menga ham farzand berar, degan ilinjda ostona xatlagan Sohiba opa farzandli boʻlmadi.

– Oʻzim farzand koʻrmagan boʻlsam ham bir umr bola boqdim, quchogʻim boladan boʻshamadi, – deydi Sohiba Kamoliddinova. – Avvaliga qoʻshniyu qarindosh-urugʻning bolasini, endi nabiralarimni. Eng katta oʻgʻlim yigirma yil deganda “aya” deb chaqirdi-ya! Oʻsha kuni hamma armonlarim, chekkan zahmatlarim unut boʻlib ketdi. Oʻgaylik qilmadim, ularning ham oʻgay ona deb atashlarini istamadim. Mana, bugun oʻz otasidan ham koʻra menga mehribonlar, atrofimda girdikapalak.

***
2020-yil 20-noyabr. 24 yoshli Gulshanoy Suyarqulovaga hukm oʻqildi. Uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 2019-yil 27-martda benikoh tugʻilgan farzandi Toʻrayev Shohruzbekni 2020-yilning 1-sentyabr kuni 1500 AQSH dollariga sotayotgan paytida huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar tomonidan ushlandi. Taqdirning hazilini qarangki, Margʻilondan Yozyovon tumaniga borish yoʻlidagi tutqator — bolani sotish bozori, onaning xaridor bilan kelishilgan manzili edi...

Gulshanoyning boʻyida borligini eshitgan tanishi taxtadek qotib qoldiyu, qaytib koʻrinish bermadi. Keyin bilsa, Rossiyaga qochib ketgan ekan. Tugʻuruqxonadan ham farzandini Toʻrayev Azizbek ismli tanishining nomiga amallab rasmiylashtirib, olib chiqdi. Ona uyiga qadam qoʻyolmay, Margʻilon shahridan ijaraga uy olib joylashdi. Oʻgʻli ikki oylik boʻlishi bilan enagaga tashladiyu, oʻzi pul topish ilinjida toʻyxonaga ishga chiqib ketdi. Bir tomonda ijara haqi, bir tomonda roʻzgʻor tashvishi... Qarzlari ortgandan ortib borib, boshini qay devorga urishni bilmadi-da chora sifatida bolasini sotishni reja qildi. Tanishlariga 15 million soʻmga xaridor topib berishlarini iltimos qildi.

Va 31-avgust kuni kechqurun unga nomaʼlum raqamdan qoʻngʻiroq qilishdi. Kelishildi. Manzil va narx belgilandi... Tutqator. 15 million soʻm.

– Qanday qilib oʻz jigarporasini sota olarkin-a? Balki majbur boʻlgandir sharmandalikdan qutulish uchun? Boshqa chorasi qolmagandir? – oʻzimcha u ayolni ayollarcha tushunishga harakat qilaman. Bu gapimni tinglab, Sohiba opa Kamoliddinova keskin ohangda “Yoʻq!” dedi.

– Agar chindan ham sharmanda boʻlishni istamaganida bolani pullab oʻtirmay oʻsha tutqatorning bir chetiga yoki mehribonlik uyiga indamay tashlab ketardi. Menga oʻxshagan tirnoqqa zorlarga hadya qilardi. Uning maqsadi avvalboshdan pul boʻlgan!

Hukmdek yangragan bu gaplardan toshdek qotib qoldim. Nahotki?!

Hayot qiziq. Kimdir begonaning bolasini “bolam” deb bagʻriga bosadi. Kimdir esa oʻz bolasini bagʻridan yulib birovga tutqazib yuboradi. Kimdir tutqatordan baxt izlaydi, kimdir esa baxtini tashlab keladi oʻsha tutqatorga... Hayot judayam qiziq.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Mehribonlik uyiga necha qatnab, bola asrab ololmagan Sohiba Kamoliddinovaning gaplarida jon borga oʻxshaydi. Agar shu qogʻozbozlik, sansalorliklar odamlarning joniga tegib ketmaganida, koʻchalarda, xilvatlarda bunday bola sotib-bola olishlar avj olmasmidi... Qonun doirasida yurib eplolmaganlar, oʻzi istar-istamay noqonuniy yoʻl bilan bola “sotib” asrab olmoqdalar...

Sevara ALIJONOVA,
jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер