Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning prokuror va sudyalar tayyorlash boʻyicha taʼlim muassasalari oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi

20:12 21 Dekabr 2022 Siyosat
538 0

Foto: Халқ сўзи

Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning sud-huquq taʼlim muassasalari oʻrtasida Turkiy sud-huquq taʼlimi tarmogʻi toʻgʻrisida anglashuv Memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari Sh.A. Aminov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi rahbariyati hamda masʼul xodimlaridan iborat yurtimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

Anglashuv Memorandumi Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligining Adliya akademiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi ilmiy-taʼlim markazi, Qozogʻiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Odil sudlov akademiyasi, Qozogʻiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Qirgʻiziston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Oliy sudlov maktabi, Qirgʻiziston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Prokuratura va tergov xodimlarining malakasini oshirish markazi, Turkiya Adliya akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tomonidan imzolandi.

Shuningdek, Vengriya adliya akademiyasi hamda Vengriya Bosh prokuraturasi vakillari mazkur hujjatni imzolash marosimida kuzatuvchi sifatida ishtirok etdilar.

Memorandum asosida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlarda sudyalar va prokurorlar, sudyalik hamda prokurorlik lavozimlariga nomzodlar/yordamchilarga taʼlim beruvchi Turkiy sudlov akademiyalari va muassasalardan iborat Turkiy sud-huquq taʼlimi tarmogʻini tuzish tashabbusini ilgari surdilar. Mazkur tarmoq sud-huquq sohasidagi taʼlim borasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va muvofiqlashtirishga koʻmaklashish maqsadida tuzildi.

Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va oʻn yil davomida amal qiladi.

Mazkur memorandum Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlari tomonidan joriy yilning noyabr oyida imzolangan Samarqand deklaratsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlarining davomi boʻlib xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер