Tungi smenada ishlash xotira yoʻqolishi xavfini oshiradi – tadqiqot
Kanadalik olimlar oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, tunda ishlash oʻrta yosh va undan keyingi davrda xotira yoʻqolishi xavfiga sabab boʻlishi mumkin.
York universiteti olimlari oʻtkazgan tadqiqotda smenada ishlash va kognitiv funksiya buzilishi oʻrtasida bogʻliqlik borligi aniqlandi. Bunda 47,8 ming kishining maʼlumotlari va ularning ish joylari haqida maʼlumotlar oʻrganilgan. Ishtirokchilardan kognitiv funksiyaga oid testlar olingan.
Mutaxassislarga koʻra, smenali ish sabab kishilarning uyqu ritmi buzilishi oʻrta yoshga borib kognitiv holatga taʼsir qiladi.
Inson tanasidagi har bir hujayra sirkadiyalik soati boʻyicha (organizmning 24 soat boʻyicha tabiiy harakati) harakatlanadi. Bunda harakat quyosh sikli boʻyicha boshlanadi. Quyosh nurining haddan ortiq koʻpligi yoki kamligi bu ritmning buzilishiga sabab boʻlishi mumkin.
Tungi smenada ishlovchilarning asosiy muammosi ham shu. Insonning sirkadiyalik soati juda koʻp muhim tana vazifalari uchun budilnik vazifasini bajaradi. Bular: uyqu sikli, gormonal harakat, tana harorati, ovqatlanish va hazm qilish kabilar.
Har bir inson tungi vaqtda kamida 7 soat uxlashi kerak. Lekin statistikaga koʻra, amerikaliklarning deyarli yarmi meʼyor darajasida uxlamaydi. Tungi uyquning buzilishi va sirkadiyalik ritmiga amal qilmaslik boshqa xronologik kasalliklar, shuningdek, semizlikka ham sabab boʻlishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring