Tuman hokimi "Eng yaxshi sektor rahbari” sifatida taqdirlandi
Foto: “Xalq so‘zi”
2020 yil 23 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, har yili 11 noyabr O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni etib belgilandi. Buxoro viloyat hokimligida ushbu sana munosabati bilan mutasaddilar, soha rahbar – xodimlari, mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari faollari ishtirokida madaniy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda so‘z olganlar 2019 yilning 6 dekabrida Prezidentimiz tomonidan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunning imzolanishi ijtimoiy-siyosiy hayotimizda muhim voqea bo‘lganini alohida taʼkidlab, sohaning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardagi o‘rni, aholi turli qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish, odamlar turmush darajasini oshirish, bandligini taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi keng qamrovli ishlarga qo‘shayotgan hissasi haqida to‘xtaldilar.
Shundan so‘ng bir guruh mehnat faxriylari va faollarga “Kasaba uyushmalari kuniga 1 yil” esdalik nishonlari topshirildi. Shuningdek, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati” nominatsiyalarida munosib nomzodlar rag‘batlantirildi. Jumladan, Vobkent tumanidagi “Kosari” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi S. Jumayev “Eng yaxshi mahalla raisi”, Qorako‘ldagi “Golden ARM teks” MCHJ rahbari U. Hamroyeva “Kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati”, Qorako‘l tumani hokimi Sh. Salomov esa “Eng yaxshi sektor rahbari” sifatida diplom va 30 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandilar.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring