"Tulkilarni ovlash" yoxud Xitoyda qochoq korrupsionerlarga qarshi qanday kurashilmoqda?
Arxiv foto
Soʻnggi yillarda Xitoyda barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy shiorga aylandi. Zero, aloqalar, sotib olishlar, poralar va qimmatbaho sovgʻalar uzoq yuz yillar davomida ushbu davlat jamiyatining “mustahkam” asosiga aylanib, maqsadga erishishning “eng toʻgʻri” yoʻliga aylanib qolgan edi. Mamlakatning amaldagi rahbariyati kelajakda bunday “qadriyatlar”ga oʻrin yoʻqligini taʼkidlab, korrupsiyaga qarshi keskin yurish boshladi.
Qoidalar boʻyicha
XXRda ham dunyoning boshqa davlatlarida boʻlgani kabi Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni keng nishonlanadi. Bunga arzirli sabablar bor. Si Szinpin hokimiyat tepasiga kelishi bilan korrupsiyaga qarshi ochilgan keng miqyosli kampaniya davrida kompartiyaning 1,5 mln.dan ziyod aʼzosi shu kabi jinoyati uchun jazolandi.
Gap shundaki, 2012-yil dekabridayoq mamlakatda mansabdorlar uchun “sakkizta qoida” hayotga tatbiq etildi. Ular byurokratiya, isrofgarchilik va davlat xizmatidagi nomaqbul xatti-harakatlarni yoʻq qilishga qaratildi. Binobarin, nazorat organlari barcha darajadagi mansabdorlar ustidan doimiy tekshiruv olib boryapti, milliy va hududiy darajalardagi hamma idoralar, partiya organlari, davlat tashkilotlari, moliya muassasalarida tegishli qoidalarga rioya etish yoki ularni buzishga oid hisobotlarni taqdim etib kelmoqda.
Ushbu tamoyillarning joriy qilinishi shunday qarashni yuzaga keltirdiki, pirovardida korrupsionerlar ishi boʻyicha xabarlarda ham “partiya intizomini buzish” atamasi qoʻllanila boshlandi. Maʼlumki, bunday ayblovdan soʻng qonunbuzar partiyadan sharmandalarcha haydaladi, u egallab turgan barcha lavozimlaridan boʻshatiladi, unvon va mukofotlar bekor qilinadi, mol-mulki olib qoʻyiladi.
Butunxitoy Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining sobiq aʼzosi U Enyuanning aytishicha, XKP koʻplab korrupsiyaga qarshi mexanizmlarga ekan. XKP Markaziy komissiyasining tartib-intizomni nazorat qilish boʻlinmasi, nazorat boʻyicha davlat qoʻmitasi har bir departament, har bir idora va organ, partiyaning har bir aʼzosi va davlat xizmatchisini tekshirib boradi.
“Aynan shu ularning korrupsiyada ishtirok etishlariga yoʻl qoʻymaydi, ularning oʻzlari ham korrupsionerga aylanishni xohlashmaydi, agar qachonki mansabdorlar bunday nopok tizimga bogʻlanib qolsa, bu barcha qonunbuzarlarni ushlash imkonini beruvchi oʻziga xos qafasga aylanadi”, - deydi u.
“Yoʻlbarslar”, “pashshalar” va xalq
Ilgari Xitoy kompartiyasi aʼzoligi oʻziga xos kafolat hisoblanardi. Shu orqali shaxs barcha imkoniyat va qulayliklardan foydalanishi, mansab pogʻonasini suiisteʼmol qilishi, qimmatbaho sovgʻalarni qabul qilishi, davlat hisobiga oilasini taʼtilga olib borishi, bazmlar buyurtma berishi, pora berishi va ayni paytda daxlsiz qolishi mumkin edi. 2012-yilga kelib esa barchasi oʻzgardi. Si Szinpin va uning maslakdoshlari partiya funksionerlari hamda davlat xizmatchilari obroʻsini tiklash vaqti yetdi degan qarorga kelishdi. Ular endi tartib-intizom qoidalariga qatʼiy rioya etishlari, kamtar, masʼuliyatli boʻlishlari va davlat tomonidan qoʻyilgan maqsadlarga erishishga qatʼiy bel bogʻlashlari shart edi. Eng muhimi, bundan buyon davlatda “daxlsiz”lar qolmagan edi, partiya “yoʻlbarslarni ham, pashshalarni ham birdek jazolashga kirishdi”.
Provinsiya gubernatori oʻrinbosari, partiya qoʻmitasi, yirik korxona rahbari darajasidagi yuqori lavozimdagi mansabdorlar ushlangani haqidagi xabarlar deyarli har kuni paydo boʻla boshladi. Va bu odatiy holga aylandi. Biroq baʼzan korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan “qattiq qoʻllar” “yoʻlbarslar”gacha ham yetib bormoqda. Bu boradagi yirik voqealardan biri Xitoy jamoatchilik xavfsizligi sobiq vaziri, XKP MK Siyosiy byurosi doimiy qoʻmitasi aʼzosi Chjou Yunkan, XKP MK Siyosiy byurosi aʼzolari Bo Silay va Sun Chjensayning javobgarlikka tortilganidir, desak mubolagʻa emas.
Oʻtgan yil oktyabr oyi oʻrtalarida korrupsiya ishi boʻyicha davlat energiya boshqaruvi rahbari Nur Bekri ishdan olindi. Soʻnggi eng shov-shuvli voqea esa 2018-yil sentyabr oyida Interpol boshligʻi Men Xunveyning yoʻqolib qolgani boʻldi. Keyinchalik u Xitoyda ekani, unga nisbatan korrupsiya ishi boʻyicha surishtiruvlar olib borilayotgani ayonlashdi. Bu birinchi navbatda Xitoyning oddiy fuqarolari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mashinasi toʻxtamasligi, hatto mamlakatning xalqaro nufuzigi putur yetishi ham bunga xalaqit bera olmasligini isbotladi.
“Yoʻlbarslar” katta-katta pullar bilan “oʻynagani” uchun tegishli jazosini olishmoqda. “Pashshalar” – nisbatan past pogʻonadagi mansabdorlar esa odatda isrofgarchilik uchun jazo statistikasida qayd etiladi.
Maʼlum qilinishicha, oʻtgan yilda eng keng tarqalgan qonunbuzish holatlari ruxsatsiz mukofot va yordam pullari toʻlash, shuningdek, sovgʻalar qabul qilish, davlat hisobidan shaxsiy bazmlar tashkil etish va xizmat avtomobillaridan boshqa maqsadlarda foydalanish boʻlibdi.
“Ilgari oddiy odamlar bir partiyali tizimga ishonmay, undan norozi boʻlib yurishardi, ular XKP oʻz aʼzolarini jazolamaydi deb hisoblardilar. Korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi boshlanganidan beri besh yildan ziyod vaqt oʻtib, odamlar jazodan na quyi pogʻonadagi, na yuqori lavozimga ega mansabdorlar qochib qutula olishini koʻrishmoqda. Bu xalqning davlat tizimi va XKP MKga ishonchini mustahkamladi”, - deydi U Enyuan.
“Xorijdagi munosabatlar haqida gapiradigan boʻlsak, ularda pozitsiyalar har xil. Kimdir Xitoy korrupsiyaga qarshi kurashish kampaniyasi vositasida boshqacha fikrdagilarni yoʻq qilishga urinmoqda deb hisoblaydi, biroq oddiy odamlar Xitoyning ushbu chora-tadbirlarini qoʻllayapti, sababi, bu birinchi navbatda ularning manfaatlarini himoya qilayotir”, - deya qoʻshimcha qiladi u.
Global hamkorlik
Shular qatorida Xitoy mamlakatdan qochib chiqib ketgan korrupsionerlarni tutish boʻyicha ham boshqa mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilib kelayotganini alohida taʼkidlash loz. 2015-yil aprel oyida mamlakatda “Samoviy toʻr” nomli umummilliy kampaniya boshlandi. U xorijga qochgan XKPning korrupsioner mansabdorlari va aʼzolarini tutishga qaratilgan.
Masalan, Xitoy rasmiylari Interpolga korrupsiyada gumon qilingan 100 nafar eng ashaddiy qochoq jinoyatchi roʻyxatini taqdim etdi. Xalqaro politsiya esa ularga nisbatan “qizil bildirgi”ni eʼlon qildi. “Samoviy toʻr” ishga tushirilgan paytdan boshlab 120dan ziyod davlatdan korrupsiyaga aloqador boʻlgan 4,8 mingdan ziyod kishi, jumladan, “qizil roʻyxat”dan joy olgan eng koʻp qidirilgan 58 nafar shaxs Xitoyga olib kelindi. Ularning yarmi oʻz ayblariga koʻngilli ravishda iqror boʻlgan.
Bundan tashqari, ushbu dastur asosida 2017-yilda ofshor kompaniyalar va xufyona bank tizimini yoʻq qilish boʻyicha operatsiya oʻtkazildi. Sababi aynan ushbu vositalar orqali XKP MK sobiq bosh kotibi Szyan Szeminga yaqin boʻlgan mansabdorlar oʻgʻirlangan pullarni chegaradan tashqariga yuborishgani aniqlangandi. Gʻazna oʻgʻirligi miqyosi aql bovar qilmas darajada edi. Buni Mossack Fonseca kompaniyasi tomonidan “Panama hujjatlari” fosh etilganidan keyingi dalillar ham tasdiqlaydi. Binobarin, ikki yil oldin xitoyliklar ofshor kompaniyalar ochish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turishi maʼlum boʻldi. Ularning qatoridan XXR raisining sobiq oʻrinbosari Szen Sinxunning kenja ukasi, siyosiy kengash aʼzosi Lyu Yunshanning kelini, XXR Davlat kengashi bosh vaziri oʻrinbosari Chjan Gaolining kuyovi, Xalq maslahat kengashi Butunxitoy qoʻmitasi sobiq raisi Szya Sinlinning nevarasi, XXR jamoatchilik xavfsizligi sobiq vaziri Szya Chunvanning qizi borligi aniqlandi. Ularning barchasi gap-soʻzlarga qaraganda oʻz pullarini Shveysariyada saqlovchi Szyan Szemin tarafdorlari hisoblanardi.
Xufyona bank tizimi ham xitoylik korrupsionerlar uchun kapitalni chetga olib chiqib ketish usullaridan biridir. Epoch Times maʼlumotiga koʻra, Szen Sinxunning kelini Xarbindagi koʻchmas mulk egasi bilan hamtovoqlikda ushbu tizimdan foydalangan holda 100 mlrd. yuan(15 mlrd. dollar)ni xorijga olib chiqib ketgan ekan.
Xitoy Xalq banki va Jamoatchilik xavfsizligi vazirligi ofshor kompaniyalar hamda xufyona bank tizimini yoʻqotish bilan shugʻullansa, korrupsionerlarni ushlash va mablagʻlarni qaytarish XXR Oliy xalq prokuraturasi zimmasidagi vazifa sanaladi.
Ushbu jarayonlarda 2017-2018-yillarda XXR mamlakatdan noqonuniy yoʻl bilan olib chiqib ketilgan 1,5 mlrd. dollarini ham qaytarib olishga erishdi. Bundan tashqari, Chin oʻlkasida qochoq korrupsionerlarni qidirish boʻyicha “Tulkilarni ovlash” nomli hukumat operatsiyasi ham amalga oshirilyapti.Ushbu amaliyot yordamida Xitoy hatto AQSHdan ham korrupsionerlarni olib kelishning uddasidan chiqmoqda. Vashington esa AQSH hududidagi xitoylik qochoqlarni majburiy ravishda Xitoyga qaytarishga harakat qilayotgan mahfiy agentlar faoliyatini toʻxtatishga bir necha bor chaqirgan. New York Times gazetasi maʼlumotiga koʻra, XXR maxsus xizmat xodimlari AQSHga turist koʻrinishida yoki ishbilarmonlik vizasi bilan kirib keladi. Biroq Pekin Oq uy noroziligiga eʼtibor bermay, “tulkilarni ovlash”da davom etmoqda. Boz ustiga, bunday agentlar guruhi nafaqat okean orti,balki butun dunyoda ish olib boradi.
Darvoqe, Xitoyda “tulkilar” deb qochoq korrupsionerlarga aytiladi.Ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvga muvofiq, jinoyatchilar ayrim paytlarda oʻzlari boʻlib turgan davlatdan Xitoyga ekstraditsiya qilinishi ham mumkin.Fransiya, Kanada, Peru kabi mamlakatlar ana shunday hamkorlar sirasiga kiradi. Shuning uchun moliyaviy qonunbuzarlar koʻpincha AQSH va Avstraliyaga qochishadi. Sababi aynan shu mamlakatlar bilan XXR oʻrtasida ekstraditsiya toʻgʻrisida bitim yoʻq. Demak, xorij hukumatiga taʼsir etuvchi huquqiy dastak ham mavjud emas. Boz ustiga, ular mahalliy huquq himoyachilari qoʻllab-quvvatlovi ostida boʻladi.
Xoʻsh, ular qanday ushlanadi?
“Xitoy prokuraturasi va politsiyasi agentlari qochoq jinoyatchining yaqinlarini aniqlab, ularga aloqaga chiqishadi. Korrupsioner qochib ketgan mamlakat qonunlarini buzmagan holda, uning qarindoshlaridan foydalanishadi, shu yoʻl bilan unga taʼsir oʻtkaziladi, - deydi Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti eksperti, xitoyshunos Yuliya Magdalinskaya. – Vazifa – Xitoydan mablagʻlarning noqonuniy olib chiqib ketilishi boʻyicha dalillarni topish va jinoyatchini vataniga qaytarishdir. Bunday bilvosita muzokaralar chogʻida koʻpincha jinoyatchining oʻzi yurtiga qaytib, rasmiylar bilan kelishish foydaliroq ekanligini tushunadi. Baʼzan uning oldiga qarindoshlari yuboriladi. Ular qochoqqa oilasini sharmanda qilmaligini aytishadi. Bu yoʻnalishda mahalliy diaspora bilan yaqindan aloqa oʻrnatgan XXR konsullik muassasalari xodimlari ham faol ish olib borishadi ”.
AQSH esa hamon agentlar qochoqlar, jumladan, uning oila aʼzolariga tahdid qilgan holda, qaytishga majbur qilinishini tasdiqlab keladi. Biroq “Tulkilarni ovlash” operatsiyasi rahbari Lyu Dun 2014-yildayoq XXR maxsus xizmatlari xodimlari oʻzlari ish olib borayotgan mamlakatlarda qonunlarni buzishmayotganini maʼlum qilgan. Jamoatchilik xavfsizligi vazirligi saytida esa zobitlar jinoyatchini dunyoning istalgan nuqtasida 48 soat ichida qoʻlga olishga haqqi borligini ham koʻrsatib oʻtilgan.
Hatto ikki yil oldin Xinmin Weeklyjurnaliga intervyu bergan Shanxay jamoatchilik xavfsizligi byurosi iqtisodiy jinoyatlar boʻlimi boshligʻi Li Gunszin qochoqni ochiq havodagi ilonga oʻxshatib, u qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar, kalavaning uchi Xitoyga boshlashi va uni oilasi orqali topish mumkinligini aytib oʻtgandi.
Eʼtiborlisi, Vyetnam ham Xitoy tajribasini qoʻllashni boshladi.
Bunga Enyuan shunday munosabat bildirdi: “Masalan, Interpol bilan hamkorlikda xalqaro qidiruv toʻgʻrisida qizil xabar berildi. Buning sharofati bilan xorijga qochib ketgan koʻplab korrupsionerlarni qaytarishning uddasidan chiqdik. Ayni chogʻda korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa davlatda qoʻllanilayotgan tizimni koʻr-koʻrona koʻchirib olmasdan, u yoki bu mamlakatning milliy oʻziga xosliklarini inobatga olish lozim”, - deydi Enyuan.
Umuman, XXR turli davlatlar va tashkilotlar bilan bu boradagi aloqalarini faol hamda chuqur anglagan holda mustahkamlab boryapti.
Ishonch va imidj
“Tayxe” tahlil markazi katta ilmiy xodimi Yan Venmin korrupsiyaga qarshi kurashish kampaniyasi natijalari haqida gapirar ekan, bu xalq ommasining davlatga boʻlgan ishonchini mustahkamlaganini taʼkidladi.
Qolaversa, gap faqat imidj haqida emas ekan. “Agar iqtisodiy nuqtayi nazardan qaralsa, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat jamoatchilik moddiy boyliklari yoʻqolishi, jamoatchilik boyligi adolatsiz taqsimlanishi va jamiyatning boylar hamda kambagʻallarga boʻlinib ketishining oldini olishga toʻgʻridan-toʻgʻri yordam beradi, balki sogʻlom bozor raqobati va resurslarni oqilona taqsimlash, bozor tartibini qoʻllab-quvvatlashga taʼsir etuvchi sharoit yaratadi, korxonalarning operatsion xarajatlari va boshqaruv xatarlari kamayishiga koʻmaklashadi, investitsiyaviy muhitni yaxshilaydi. Bu iqtisodiy taraqqiyot modelini oʻz vaqtida tartibga solish va iqtisodiyotning sogʻlom va barqaror rivoji uchun foydalidir”, - deydi u.
Uning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashish choralari jamiyatda nosogʻlom tendensiyalarni tuzatadi,sivilizatsiyalashgan axloq va madaniy qadriyatlarni ilgari suradi, jamoatchilik fikrida toʻgʻri qadriyatlar va qarashlarni mustahkamlaydi, jamoatchilik maʼnaviyati va axloqiy qiyofasini tozalaydi.
“Ushbu kampaniya mansabdor yuqori lavozimda boʻladimi yoki yoʻqmi, bundan qatʼiy nazar aybdor boʻlgan taqdirda hukumat unga hech qanday shafqat koʻrsatmasligini namoyon etdi. Bu jamiyat uchun oʻziga xos tanbehga aylandi, boz ustiga quyida ham, yuqorida ham ushbu chora-tadbirlar zarur ekanligi toʻgʻrisida yakdil fikr shakllandi”, - deydi U Enyuan.
Oldinda – uzun yoʻl
Ekspertlarning aytishlaricha, favqulodda nekbinlik haqida gapirishga hali erta.
“Ushbu muammoni hal qilish uchun hali uzoq mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtish kerak, hozir hammasi bekamu koʻst bajarildi deya olmaymiz. Korrupsiyalashgan unsurlar bilan kurashishda yana davomiy vaqt kerak, sababi har qanday paytda yangi tahdidlar paydo boʻlishi mumkin. Shuning uchun,fikrimcha, hali optimist boʻlishga erta”, - deya qoʻshimcha qiladi U Enyuan.
Yan Venmin ham uning fikriga qoʻshiladi. “Sezilarli natijalarga qaramasdan, biz ushbu sohadagi vaziyat oʻta ogʻirligicha qolayotganini yaxshi anglaymiz.Joylarda, turli idoralarda muammolar mavjud, rasmiyatchilik va byurokratiyani ham yoʻq qilish zarur”, - deydi u.
Uning soʻzlariga koʻra, Xitoyda korrupsiyaga qarshi kurashish yanada keng miqyos kasb etmoqda va bu xitoy orzusini amalga oshirish va xitoy xalqi qayta tugʻilishiga yordam beradi.
S.QOSIMJONOV tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring