Tramp hukumatining tashqi siyosatda amalga oshirmoqchi boʻlgan rejalari maʼlum boʻldi
AQSHning 47-prezidenti Donald Tramp davlat kotibi lavozimiga saylagan Marko Rubio 15-yanvar kuni senatda oʻtkazilgan majlisda Donald Trampning hokimiyatga kelgach amalga oshiradigan tashqi siyosatining asosiy tamoyillari nimalar ekanligini maʼlum qildi. Bu haqida “The Washington Post” nashri xabar berdi.
Senat tomonidan tasdiqlanishi kutilayotgan boʻlajak AQSH davlat kotibi Marko Rubio mamlakat manfaatlarini xalqaro meʼyorlardan ustun qoʻyish va global muammolarga nisbatan pragmatik yondashishga urgʻu beradigan strategiya ishlab chiqilganini taʼkidlagan.
Unga koʻra, Tramp oʻzining ikkinchi muddati mobaynida tashqi siyosatda amalga oshirmoqchi boʻlgan bir qancha yirik jarayonlar bor.
Jumladan, AQSH Tramp davrida asosiy ittifoqchilariga sodiq qoladi. Qoʻshma Shtatlar oʻzining kengroq strategik manfaatlari doirasida asosiy ittifoqchilari Isroil va Tayvanning yonidan uzoqlashmaydi.
Shuningdek, AQSH tashqi siyosatidagi eng muhim oʻzgarishlardan biri Xitoyga nisbatan iqtisodiy va harbiy sohada yanada qatʼiy yondashuvga kirishishdir. Rubio, bu borada Vashington Pekinning butun dunyo boʻylab taʼsirini cheklash boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishini taʼkidlagan.
Bundan tashqari, AQSH manfaatlariga asoslangan insonparvarlik yordamlari ajratish tartibi oʻzgaradi. Oʻtmishdagi siyosatdan farqli ravishda, endilikda insonparvarlik yordamlari AQSH milliy manfaatlariga mos kelgandagina amalga oshiriladi, deydi boʻlajak Davlat kotibi.
Maʼlumotlarga koʻra, Marko Rubioning davlat kotibi lavozimiga tayinlanishi senatorlar tomonidan kuchli qoʻllab-quvvatlangan holda ijobiy baholangan.
Trampning ikkinchi muddati boshlanar ekan, Marko Rubioning davlat kotibi lavozimiga tayinlanishi AQSH tashqi aloqalari uchun yangi yoʻnalishdan dalolat beradi, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring