Tojikistonga qurilish materiallari eksporti oshiriladi
Dushanbe shahrida Oʻzbekiston — Tojikiston ishbilarmonlari biznes-forumi va Ishbilarmonlar kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda ikki davlat oʻrtasida qurilish materiallari sanoati boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish, investitsiya loyihalari, ishlab chiqarish va eksport-import koʻrsatkichlari boʻyicha maʼlumot berildi.
Hozirgi kunda koʻplab sohalarda Tojikiston Respublikasi bilan ishonchli aloqalar yoʻlga qoʻyilgan va rivojlanib bormoqda. Xususan, qurilish materiallari sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, eksport imkoniyatlari va koʻlamini kengaytirish, tadbirkorlar uchun qulay biznes sharoitlarini yaratish borasida tizimli ishlar olib borilyapti. Buning natijasida tovar ayriboshlash sezilarli darajada oshmoqda. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2020-yilning 8 oyi davomida mamlakatimizdan qoʻshni davlatga 13,8 mln dollarlik qurilish materiallari eksport qilingan. Jumladan, 273, 9 tonna oboy, 1 207,6 ming metr kvadrat keramik plitka, 3 582,743 ming metr kvadrat gipsokarton, 6 041,9 tonna quruq qurilish qorishmalari yetkazilgan.
«Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan Tojikiston investitsiya jalb qilingan yirik loyihalar ham amalga oshirilyapti. Ana shunday loyihalardan biri bu - Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida umumiy qiymati 19 mln dollar boʻlgan “PR INVESTMENT CO” MCHJ tomonidan yangi sement zavodi barpo etilyapti. Mazkur korxona yiliga 400 ming tonna sifatli sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻladi. Yangi sement zavodi 2021-yilning ikkinchi yarmida qurib foydalanishga topshiriladi. Hozirda bu yerda qurilish montaj ishlari olib borilmoqda. Energiya tejamkor uskunalarning 50 foizi olib kelingan boʻlib, hozirda xitoylik mutaxassislar tomonidan oʻrnatilyapti. Eʼtiborlisi, korxona foydalanishga topshirilgach, 200 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Shu kungacha investitsiya loyihani amalga oshirish uchun 4,4 mln dollar oʻzlashtirilgan.
Tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish va qayta ishlash yoʻnalishida ham tojikistonlik tadbirkorlar bilan ishonchli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Granit va marmar toshlarni ishlab chiqarish boʻyicha yirik investitsiya loyihasi Navoiy viloyatining Nurota tumanida amalga oshirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring