Tojik kovragi qanday oʻsimlik va uni asrash nega bunchalik muhim?

11:59 02 Avgust 2023 Jamiyat
630 0

Insoniyat tabiatdan foydalanar ekan, uning asrlar davomida shakllangan tabiiy manzarasini oʻzgartirmoqda, unga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Sanoat tarmoqlari va qishloq xoʻjaligining rivojlanib borishi, tabiiy maydonlarning keng miqyosda oʻzlashtirilishi ekologik muvozanat buzilishiga olib kelmoqda. Natijada oʻsimliklarning kamayib ketish, genofondining qisqarishiga sabab boʻlmoqda.

Mamlakatimiz hududida hozirda 4500, ular orasida jiddiy muhofazaga muhtoj 300 dan ortiq kamyob endemik va relikt turlar  mavjud.

Umumiy holat nisbatan yaxshi boʻlishiga qaramay, koʻplab yovvoyi turlarning tabiiy zaxiralari keskin kamayib ketayotganligi, dunyoga dongʻi ketgan dorivor oʻsimlik – tojik kovragi (Ferula tadshikorum Pimenov)  keskin kamayib ketganligi juda tashvishli holatdir.

Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan tasnifga koʻra,  yoʻqolib ketish xavfi ostida qolgan tojik kovragi Janubiy Tojikiston, janubi-gʻarbiy Pomir-Oloy bilan bir qatorda Oʻzbekistonning janubi (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari)da tarqalgan.

Kovrakning yelim-smolasi tibbiyotda tomir tortishi, oʻpka sili, oʻlat, zaxm, koʻkyoʻtal, tish ogʻrigʻi, asab va boshqa kasalliklarga qarshi dori hamda quvvat beruvchi vositasi sifatida foydalaniladi.

Tabiiy holda oʻsuvchi bu turning butunlay yoʻq boʻlib ketishini oldini olish maqsadida Qizil kitobiga kiritilganligi ham 2023 yil 16 fevraldagi PF-24-son Farmon bilan uch yil muddatga moratoriy eʼlon qilganligiga qaramasdan ayrim fuqarolar tomonidan qonun talablari qoʻpol ravishda buzilmoqda.

Jumladan, Qashqadaryoda 4 ta holatda 4 872 ta 2,4 mlrd. soʻmlik, Surxondaryoda 3 ta holatda 659 ta 326,7 mln. soʻmlik tojik kovragi kesilib, tabiatga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi holatlari yuzasidan 7 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Masalan, Dehqonobod tumani “Sebatli” massivida faoliyat yuritib kelayotgan “Iso Muhammad Nur” MCHJga biriktirilgan togʻ va togʻoldi yaylovlarida tabiiy holda oʻsuvchi tojik kovragining 753 donasi, goʻyoki shirasini olib eksport qilish maqsadida kesilib, tabiatga 372,7 mln. soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilishi taʼminlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va  Bosh prokuratura hamkorligida moratoriy talablari bajarilishi boʻyicha hududlarni oʻrganish tadbirlari davom etmoqda.

Oʻktam Oʻtayev,
Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza
qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер