Tozalik posbonlariga berilgan mukofot
Oʻttiz yildan buyon obodonlashtirish boshqarmasida ishlab kelyapman. Samarqand shahrining Registon majmuasi yaqinida joylashgan Islom Karimov maydonida bogʻbonlik qilayotganimga ham ancha yil boʻldi.
Erta tongda, hali odamlar uyqudalik paytidayoq ishga kirishamiz. Jamoamiz aʼzolari bilan atrofni chiqindi va barg-xazonlardan tozalaymiz. Oʻrindiqlarni artib, daraxt va gullarga suv quyamiz. Xiyobonga har kuni kelib mehnat qilishga oʻrganib qolganmiz. Shu mehnatimiz ortidan hududda barq urib turgan rang-barang gullar, yashnagan daraxtlarni koʻrib koʻnglim yayraydi.
Saranjomlik yoʻq joyda fayz, baraka boʻlmaydi, deydi xalqimiz. Atrof toza va ozoda, saranjom-sarishta boʻlganiga ne yetsin.
Bir paytlar biz kabi obodonlashtirish xodimlariga past nazar bilan qaralardi. Maoshlarimiz kam, maxsus kiyim bosh va ish qurollari yetishmasdi. Qishin-yozin tinim bilmay ishlab ham yetarlicha qadr topmaganmiz. Bugun esa shahar tozaligini saqlab kelayotgan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining xizmati munosib qadrlanmoqda. Mehnatimiz bilan elda obroʻ-eʼtibor topyapmiz.
Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga koʻra, “Shuhrat” medaliga loyiq koʻrildim. Bu mukofotni nafaqat menga, balki kecha-kunduz xalq xizmatini qilayotgan, shahrimiz ozodaligini taʼminlab kelayotgan barcha tozalik posbonlariga berilgan mukofot deb bilaman.
Suhrob JOʻRAYEV,
Samarqand obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi,
“Shuhrat ”medali sohibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring