Toshkentga issiqlik energiyasini “Chilonzor” 5-sonli issiqlik markazi barqaror yetkazib bermoqda
Mazkur energoobyekt Davlatimiz rahbarining bevosita koʻrsatmasiga asosan “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ bosh pudratchiligida qisqa fursatlarda mukammal taʼmirlanib, issiqlik energiyasini gibrid tizimida ishlab chiqarishga moslashtirildi.
Kuni kecha Davlatimiz rahbari aholi yashash sharoitlarini yaxshilash hamda qishga tayyorgarlik ishlari doirasida Uchtepa tumanidagi “Chilonzor” 5-sonli issiqlik markazida amalga oshirilgan taʼmirlash va modernizatsiya ishlari va hozirgi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Davlatimiz rahbari bundan roppa-rosa bir yil oldin bu yerga kelganida ahvol juda ayanchli edi. Bu markaz 1969-yilda qurilgan, shundan buyon kapital taʼmirlanmagan. Qozonxona ham, tarmoqlar ham eskirgan edi. Oʻtgan qishda havo keskin sovigan paytlarda issiqlik ishlab chiqarish muammo boʻlgandi. Shu bois Prezidentimiz tarmoqlarni taʼmirlash va barqarorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.
Shunga koʻra, Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ korxonasi tomonidan oʻtgan davr davomida markazni kompleks modernizatsiya qilish ishlari olib borilib, zamonaviy energoinshoot bunyod etildi.
Majmua qozonxonasi jami 700 Gkal quvvatga ega, mingdan ortiq koʻp qavatli uy va 400 dan ziyod ijtimoiy muassasalarga issiqlik yetkazib beradi.
Joriy yilda mazut xoʻjaligi va sigʻimlari qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda — gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Bular natijasida qozonxona va tarmoq sovuq haroratda ham barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yoʻqotilishi ham kamaygan.
Bu kabi ishlar Shayxontohur tumanidagi “Gʻarbiy” 3-sonli issiqlik markazida ham amalga oshirilgan boʻlib, bugungi kunda ushbu markazning barqaror faoliyat olib borishi taʼminlanmoqda. Eʼtiborlisi, qurilmaning gibrid shaklida ishlashi anomal sovuq ob-havo sharoitida ham, mazut yoqish evaziga isteʼmolchilarni issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash imkonini beradi.
Quvonarlisi, ushbu izgʻirin sovuq kunlarda issiqlik energiyasining barqaror yetkazib berilishi aholi kayfiyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Buni kuni-kecha mamlakatimiz rahbarining bir guruh fuqarolar bilan uchrashib, muloqot qilgan chogʻida koʻrish mumkin edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring