Toshkentda surunkali kasalliklarni boshqarish dasturi sinovdan oʻtkaziladi
Oʻzbekistonda surunkali kasallikka chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.
“Aholi salomatligi — 2030” milliy strategiyasi loyihasining 2024-2026-yillarga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasiga koʻra, bu borada tegishli normativ hujjat loyihasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Unda “Tibbiy reabilitatsiya” respublika-hududiy va tuman vertikal tizimini tashkil etish moʻljallanmoqda.
Bundan tashqari, 208 ta koʻp tarmoqli poliklinikada reabilitologiya boʻlimlarini tashkil etish, reabilitolog, kineziolog mutaxassislari faoliyatini taʼminlash nazarda tutilgan.
17 mingdan ziyod tibbiyot brigadalari tibbiyot xodimlarining reabilitologiya boʻyicha bilim va malakasi oshiriladi.
Onkologik klinika va boshqa shifoxonalarda “Palliativ yordam” tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Surunkali kasalliklarni boshqarish dasturini ishlab chiqish hamda Toshkent shahrida sinovdan oʻtkazish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, har yili 350 ming nafar diabet, 1,5 million nafar yurak-qon tomir va 120 ming nafar onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash koʻzda tutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring