Toshkentda soliq xodimi xotinini yotqizib, tepkilaganiga munosabat bildirildi
Toshkent shahrida soliq xodimi xotinini yerga yotqizib, tepkilagani haqida xabar berilgandi. Davlat soliq qoʻmitasi xabar yuzasidan ichki xizmat tekshiruvi olib borayotganini maʼlum qildi.
Xabarga koʻra, davlat soliq xizmati organlari tizimida xodimlarning kasbiy faoliyati bilan bir qatorda maʼnaviy-axloqiy xulq-atvoriga nisbatan ham qatʼiy tartib oʻrnatilgan. Soliq xizmati organlarida zoʻravonlikning har qanday shakli, shu jumladan, oilaviy zoʻravonlik keskin qoralanishi aytilgan. Gender tengligi va barcha xodimlarning teng huquqliligi prinsipiga qatʼiy amal qilinishi ochiqlangan.
Voqea 2021-yil boshida sodir boʻlgan. Holat yuzasidan shu kunga qadar fuqaro tomonidan davlat soliq xizmati organlariga murojaat qilinmagan, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ham maʼlumot kelib tushmagan. Agar voqea haqida oʻz vaqtida xabar qilinganda holat tezkorlik bilan oʻrganilib, tegishli munosabat bildirilgan boʻlishi qayd etilgan.
Shuningdek, hozirda xabarda keltirilgan holat boʻyicha ichki xizmat tekshiruvi boshlangan boʻlib, uning yakuni boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrilishi aytilgan. Voqelikka bevosita aloqador boʻlmagan kasbiy faoliyatni sarlavha hamda matnlarda alohida urgʻu berib koʻrsatish oʻrinsizligi va bu davlat soliq xizmati organlari xodimlarining shaʼni va qadr-qimmatini kamsitib, obroʻsiga putur yetkazishi aytilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring