Toshkentda “Malibu” daraxtga urilib, yonib ketdi

17:28 29 Noyabr 2020 Jamiyat
1507 0

28-noyabrdan 29-noyabrga oʻtar kechasi soat taxminan 3.40 larda Abdulla Qodiriy koʻchasida joylashgan “Ramada” mehmonxonasi yaqinida fuqaro Z.S. boshqaruvidagi «Malibu» rusumli (d/r 01 F550 JB) avtomobil ishtirokida yoʻl-transport hodisasi yuz bergan. Avtoulovda 33 yoshli N.F. ham boʻlgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, haydovchi boshqaruvni yoʻqotib, mashina daraxtga urilgan. Oʻsha paytda ushbu yoʻnalishda harakatlanayotgan va avtohalokatga guvoh boʻlgan haydovchilar «Malibu» haydovchisi va uning yoʻlovchisini qutqarib qolishgan hamda voqea guvohlaridan biri jabrlanganlarni oʻz mashinasida kasalxonaga olib borgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Shifokorlarning soʻzlariga koʻra, «Malibu» haydovchisi va yoʻlovchisi yengil tan jarohati olgan, ularning holati qoniqarli deb baholanmoqda.

Voqea joyida fuqaro Z.S. va N.F. lar avtomobildan chiqarilganidan soʻng, «Malibu» motor boʻlinmasida yongʻin sodir boʻlgan, bu haqda guvohlardan biri “101” tez yordam raqami orqali xabar bergan. Yongʻin haqida chamasi soat 03.30 larda FVBga xabar berilgan, chaqiruv asosida voqea joyiga zudlik bilan yongʻin xavfsizligi xodimlari yetib borib, soat 03.54 da yongʻin toʻliq bartaraf etilgan.

Hozirgi vaqtda Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan avtohalokat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ayni paytda Internet tarmoqlarida voqea videolavhasi tarqalmoqda, uning muallifi «Malibu» haydovchisi va yoʻlovchisi qutqarilib, kasalxonaga yetkazilganidan soʻng voqea joyida boʻlgan. Ammo video muallifi vaziyatni toʻliq tushunmay, aftidan, jamoatchilik oʻrtasida norozilik keltirib chiqarish, huquqni muhofaza qilish idoralarini salbiy tomondan koʻrsatish maqsadida, forma kiygan odamlarga asossiz daʼvolar bilan murojaat qilgan. Shu bilan birga, videoning taglavhasida forma kiygan odamlar goʻyoki Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari ekanligi aytilgan. Aslida esa, uyali telefon kamerasining obyektiviga yaqin atrofdagi “Lokomotiv” parkining qoʻriqchilari tushib qolishgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер