Toshkentda “ximchistkalar” faoliyatiga ruxsat berildi
Koronavirus pandemiyasi koʻplab soha va tarmoqlar faoliyatining toʻxtashiga sabab boʻlgan edi. Bugungi kunda ham hali vaziyat barqarorlashmagan boʻlsa-da, aholining oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa ehtiyojlari inobatga olingan holda baʼzi korxona va muassasalar faoliyati karantin talablariga toʻla rioya etilgani holda qayta yoʻlga qoʻyilmoqda.
Toshkent shahar aholisi talab va ehtiyoji hamda xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning murojaatlarini oʻrganish xulosalaridan kelib chiqib, poytaxtimizdagi kimyoviy tozalash muassasalari faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyishga ruxsat berildi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, faoliyatini qaytadan boshlaydigan kimyoviy tozalash muassasalari karantin talablari va ishni qayta tiklash boʻyicha maxsus komissiya tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalarga toʻliq amal qilishi talab etiladi. Shuningdek, ish boshlashdan avval muassasa hamda xizmatga jalb qilingan xodimlar SEOM tekshiruvidan oʻtishi shart.
Shuningdek, aholi zarur boʻlmaganda koʻchaga chiqmasligi lozimligi talabidan kelib chiqib, bunday turdagi tashkilotlarga buyurtmalarni olib ketish hamda yetkazib berishni tashkil qilish tavsiya etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring