Toshkentda YTH oqibatida 5,7 mingdan ortiq xonadon gazsiz qoldi
Toshkent shahrining Yashnobod tumani hududida ikki mashina ishtirokida YTH tabiiy gaz taʼminotida uzilish keltirib chiqardi. Bu haqda “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 11-iyul kuni soat 2:15da roʻy bergan YTH oqibatida Yashnobod tumani Goʻzal mahallasidagi oʻrta bosimli gaz quvuriga shikast yetgan. Buning oqibatida Yashnobod tumanidagi 5 700 dan ortiq xonadon gazsiz qolgan.
Quyidagi hududlarda gaz taʼminoti avariya bartaraf etilgunga qadar vaqtincha toʻxtatilgan:
- “Goʻzal” MFYdagi 70 ta xonadon;
- “Olmos” MFY hududida joylashgan 58 ta koʻp qavatli uydagi 2436 ta xonadon;
- “Qalqon” MFY hududida joylashgan 40 ta koʻp qavatli uydagi 3200 ta xonadon.
Shuningdek, 10 ulgurji isteʼmolchiga ham tabiiy gaz yetkazib berish toʻxtatilgan.
Taʼmirlash ishlari tugatilgandan soʻng tabiiy gaz taʼminoti qayta tiklanishi bildirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring