Toshkentda elektromobil yonib ketdi
Foto: FVV
Toshkent shahrida quvvatlanayotgan elektromobil yonib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 10-aprel kuni soat 07:30 da Chilonzor tumani Furqat koʻchasida elektromobil yonayotgani toʻgʻrisida Toshkent shahar FVBga xabar tushgan.
Shunga koʻra, yongʻin-qutqaruv texnikalari aytilgan manzilga soat 07:35 da yetib borib, yongʻin soat 08:28 da oʻchirildi. Aniqlanishicha, yongʻin elektromobilning akkumulyator qismida kelib chiqqan.
Yongʻin oqibatida halok boʻlgan va jabrlanganlar yoʻq. Hozirda yongʻin sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
“Hurmatli fuqarolar, barcha elektromobillarning batareyalari oʻzida juda katta miqdorda energiyani saqlashi sababli, xalqaro tajribaga muvofiq yongʻin chiqqan akkumulyator ichidagi elektr quvvati toʻliq tugagunga qadar akkumulyatorni sovitish ishlari amalga oshiriladi, shu sababli yongʻinni oʻchirish usuli boshqa oddiy yonilgʻida yuruvchi avtomobillardan farq qiladi”, deyiladi FVV xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring