Toshkentda Axborot-resurs markazi ochildi
Toshkent viloyatida yana bir ziyo maskani o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston ekologik harakati Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida Ekoharakatning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi qoshida aholining ekologik xabardorligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan Axborot-resurs markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Nafaqat markazda balki respublikaning barcha hududlarida atrof muhitni muhofaza qilish ishlarida jamoatchilik ishtirokini har tomonlama kuchaytirish,jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashishni maqsad qiladi mazkur tashabbus. Qolaversa, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ekologiya, tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan NNT, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga uslubiy yordam ko‘rsatish, shuningdek ommaviy axborot vositalarini ekologik ma’lumotlar bilan ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
— Bu bizning YEXHT bilan hamkorlikdagi birinchi ishimiz emas, — deydi O‘zbekiston ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov. — “Atrof muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston ekologik harakatiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida o‘tgan davr mobaynida bir qator ishlar amalga oshirildi. 2016 yilning 12 avgust kuni Ekoharakatning Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi qoshida aholining ekologik xabardorligini oshirishga qaratilgan Axborot-resurs markazi tashkil etilib, ushbu markaz bugungi kunda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish, joylarda sodir etilayotgan ekologik qonunbuzarliklar haqida tezkor ma’lumotlar olish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, uzluksiz ekologik ta’lim-tarbiya tizimiga ko‘maklashish, jamoatchilikni atrof muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb qilish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring