Toshkent viloyatida magistral trassa koʻprigi qulab tushdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Angren shahrida joylashgan “Qorabogʻsoy” koʻprigining bir qismi qulab tushgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 13-may kuni taxminan soat 20:00 da A 373 “Toshkent—Ohangaron—Angren—Qoʻqon—Shahrixon—Andijon” avtomobil yoʻlining 85-kilometrida yuz bergan. Ushbu hududdagi “Qorabogʻsoy” koʻprigi chetidagi oxirgi oraliq qurilmasi, yaʼni piyodalar yoʻlagi sinishi oqibatida ushbu yoʻnalish boʻyicha avtomobillar harakati cheklanib, harakat vaqtincha D 019 “Angren shahrini aylanib oʻtish” avtomobil yoʻliga oʻtkazilgan.
“Oʻzyoʻlkoʻprik” klasterining Koʻprik va sunʼiy inshootlarni diagnostika qilish boʻlimi mutaxassislari tomonidan Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining murojaatiga asosan qisqa muddatda mazkur koʻprikda oʻrganish ishlarini amalga oshirib, tegishli xulosani taqdim etgan.
Unga koʻra, koʻprik konstruksiyasi texnik holati oʻrganilganda oraliq qurilma toʻsinlarining maʼnaviy eskirgani, toʻsinlarning amaldagi yuklamalarni koʻtara olmasligi, koʻprik ustki qoplamasi qalinligi meʼyoridan ortib, toʻsinlarga ortiqcha yuk berayotgani, toʻsinlar oʻzaro yaxlit boʻlmay, alohida element sifatida ishlayotgani hamda koʻprik ustki qoplamasidagi yoriqlardan va qatnov qismi qoplamasining chekka qismlaridan oqib tushgan suvlar toʻsinlarni butun tanasi boʻylab tarqalib, korroziyaga uchratayotgani, toʻsinlardagi yoriqlardan suv sizib kirib ishchi armaturalarini ham korroziyaga uchratayotgani aniqlangan.
Taʼkidlanishicha, koʻprikning umumiy texnik holati qoniqarsiz holatda deya baholangan. Shuningdek, endilikda mazkur inshootda kelgusida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariya holatlarining oldini olish maqsadida toʻliq rekonstruksiya ishlari olib borilishi lozimligi aytib oʻtilgan.
Bundan tashqari koʻprik joylashgan avtomobil yoʻli I toifaga toʻgʻri kelgani, koʻprik gabariti avtomobil yoʻliga mos emasligi, avtomobillar harakatida aynan koʻprik joylashgan oraliqda tirbandliklar hosil boʻlayotganini inobatga olib, koʻprik rekonstruksiya ishlari doirasida avtomobil yoʻli toifasiga va zamonaviy A 14, NK 100 meʼyoriy talablariga mos boʻlgan yangi koʻprikni qurish maqsadga muvofiqligi qayd etilgan.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi taqdim etgan maʼlumotda keltirilishicha, A 373 “Toshkent—Ohangaron—Angren—Qoʻqon—Shahrixon—Andijon” avtomobil yoʻlining 85-kilometrida joylashgan “Qorabogʻsoy” koʻprigi 1969-yilda “MSU-14 trest UZ moststroy” tomonidan qurilib, foydalanishga topshirilgan. 1995-yilda rekonstruksiya qilingan. Koʻprikning 3 oraliqli sxemasi 3x22,2 metr uzlukli sxemada II toifali avtomobil yoʻliga moʻljallab qurilgan. Umumiy uzunligi 66,6 metr, koʻprikning oraliq qurilmalari kengligi 1,6 metr, uzunligi 22,2 metr, gabariti 1,3+0,30+14,05+0,30+1,3 metr. Koʻprikning balandligi 4,80 metr, qatnov qismining kengligi 2x6,55 metr, yoʻlakning kengligi 2x1,30 metr, ajratuvchi tasmalar kengligi 0,96 metr, koʻprik osti oʻtish gabarit balandligi 4,80 metr, qatnov qismi qiyaligi -1 foiz, koʻndalang -3 foiz, meʼyoriy yuklama N-30 tonna, NK-80 tonna. Avtomobil yoʻli 16-toifaga mansub.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring