Toshkent va Namangan viloyatlarida mansabdorlar pora bilan qoʻlga tushdi (+video)
Toshkent va Namangan viloyatlarida korrupsion holatlar fosh etildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali maʼlum qildi.
Bildirilishicha, Toshkent viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi direktori oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali shartnoma qiymati 2 milliard 73 million soʻm boʻlgan obyektni kapital taʼmirlash boʻyicha gʻolib boʻlgan pudratchi tashkilot hisob raqamiga boʻnak sifatida 1,1 milliard soʻm mablagʻ oʻtkazib bergani evaziga muqaddam MCHJ rahbaridan tamagirlik yoʻli bilan 2 ming AQSH dollari olgan.

Shundan soʻng, ushbu shaxs jinoiy harakatini takroran davom ettirib, pudratchi tashkilot tomonidan qurilish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmagani sababli, undan 643 million 530 ming soʻm penya undirish boʻyicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan daʼvo arizasidan voz kechish orqali MCHJ foydasiga ajrim chiqartirib bergani evaziga 5 ming AQSH dollarini pora tariqasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tumanlardan biridagi boʻlimi boshligʻi 1990-yilda tugʻilgan fuqaro tomonidan oʻzi istiqomat qiluvchi uyning koʻcha qismida qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida koʻp yillik daraxtlarni kesib tashlashi uchun ruxsat berish evaziga 3 ming AQSH dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur rahbar xodimga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Bundan tashqari, Namangan viloyati Pop tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan biridagi hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 90 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan shaxsga kelgusida toʻyxona qurishi uchun olib berish va tegishli hujjatlarini tayyorlatib berish evaziga 2025-yilda 4 ming 500 AQSH dollari olgan.

Muqaddam sudlangan hokim yordamchisi vaʼda qilingan ishni bitira olmagach, 4 ming 500 AQSH dollari hisobidan 1 million 200 ming soʻmni qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring