Toshkent shahri va Andijon viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi

10:58 24 Fevral 2025 Jamiyat
189 0

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Toshkent shahri va Andijon viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olmazor va Sergeli tumanlari boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda fuqarolar A.A. va J.M. oʻzlarining xonadonlarida umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 308,9 million soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari maʼlum boʻldi.

Shuningdek, Andijon viloyatining Asaka tumanida ham shunga oʻxshash holat qayd etildi. Departamentning Asaka tumani boʻlimi, “Oʻzenergoinspeksiya” Andijon viloyati boshqarmasi va Asaka TETK xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Z.” MCHJ masʼul shaxslari Asaka TETK mansabdor shaxslari bilan til biriktirib, “Yangisor” mahallasidagi choyxona binosida elektr hisoblagichga tashqi taʼsir oʻtkazganliklari aniqlandi. Natijada, ular tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanib, 175,1 million soʻmlik elektr energiyasidan foydalanishgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddi organlar ushbu holatlarning oldini olish va qonuniylikni taʼminlash maqsadida nazorat choralarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Fuqarolardan esa energiya resurslaridan qonun doirasida foydalanish, qonunbuzarlik holatlarini oldini olish hamda qonunga rioya etish talab qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер