Toshkent, Samarqand va Fargʻonada Singapur tajribasi asosida ayollar reproduktiv salomatligi markazlari ochiladi

22:06 18 Yanvar 2023 Jamiyat
988 0

Foto: Illustrativ foto

Mamlakatimiz rahbarining Singapurga davlat tashrifi asnosida sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha erishilgan kelishuvlar orasida yurtimizda ilgʻor tibbiyot muassasalari tashkil etishga doir qoʻshma loyiha ham bor, — dedi Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov.

Xususan, davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, mamlakatimizda ayollar salomatligini yanada mustahkamlash, sogʻlom bolalarni dunyoga keltirish, nogironlikning oldini olish maqsadida “Virtus Health Singapore Pte., Ltd.” kompaniyasi bilan “Ayollar reproduktiv salomatligi: bepushtlikning oldini olish, genetik laboratoriyani rivojlantirish, sunʼiy homiladorlik” markazlarini ochish boʻyicha istiqbolli loyihani amalga oshiramiz.

Mazkur kompaniya 2002-yili Avstraliyada tashkil etilgan boʻlib, reproduktiv salomatlik xizmatlari koʻrsatish koʻlami boʻyicha dunyoda 4-oʻrinda turadi. Buyuk Britaniya, Irlandiya, Daniya va Singapurda 7 ta shifoxonasi, 44 ta reproduktiv salomatlik klinikasi va 54 ta laboratoriya markazi mavjud.

Ayni paytda yurtimizda bepushtlikdan aziyat chekayotgan oilalar kam emasligi va ularning aksariyati yosh kelin-kuyovlar ekanligini inobatga olsak, bunday muassasalarga Oʻzbekistonda ham ehtiyoj katta ekanligi ayon boʻladi.

Shu bois qoʻshma loyiha doirasida kelgusida Toshkent shahar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Samarqand va Fargʻona viloyatlari Perinatal muassasalari qoshida ushbu xorijiy kompaniya tajribasi asosida ayollar reproduktiv salomatligi boʻyicha markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Ularda bepushtlikning oldini olish, genetik laboratoriyani rivojlantirish, sunʼiy homiladorlik yoʻnalishlari boʻyicha xotin-qizlarga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер