Toshkent xalqaro Vestminster universiteti rektori: Oʻzbekiston oliy taʼlim sohasida Markaziy Osiyoda ilm-fan platformasiga aylanadi.

21:53 09 Iyun 2020 Jamiyat
4369 0

Raqobat boʻlmasa, sifat boʻlmaydi, narx tushmaydi. Zamon oʻzgaryapti, lekin monopol korxonalar oʻzgara olmayapti. Qatʼiy choralar koʻrish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz.

Shavkat Mirziyoyev

Sogʻlom raqobat har sohada kerak. Busiz rivojlanishga erishish imkonsiz. Natija esa ayon: sogʻ­lom raqobat sifatga, sifat — samaradorlikka, samaradorlik — farovonlikka yoʻl ochadi.

Oʻzbekiston rahbari taraqqiyotning yangi bosqichida bozor qonuniyatlariga mos keladigan mexanizmlarni joriy etish orqali yuqoridagi maqsadlarni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarmoqchi. Chunki bozor mexanizmlarining unsurlaridan biri raqobatdir. Raqobat boʻlsa, korxonalar yangi texnologiyalarni qoʻllash, yangi mahsulotlarni yaratish, tovar va xizmatlar sifatini oshirish hamda ularning tannarxini pasaytirish toʻgʻrisida muntazam ish olib boradilar. Iqtisodiyotimizda faoliyat olib borayotgan monopol korxonalar erkin raqobat boʻlishiga toʻsqinlik qiladi. Bu barcha soha va tarmoqlarga tegishli. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 28-mayda iqtisodiyotdagi raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning ustuvor yoʻnalishlari muhokamasiga bagʻishlangan selektor yigʻilishi oʻtkazdi. Unda davlat rahbari ushbu masalaning muhimligini taʼkidlab, oliy taʼlim tizimida raqobat sharoitida ishlaydigan, zamonaviy fikrlaydigan, innovatsiyalarni uzluksiz joriy qila oladigan mutaxassislarni tayyorlash, oliy oʻquv yurtlarida alohida fakultet, kunduzgi va sirtqi oʻqish shaklini ochish, yangi fanlarni joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Chindan ham, kadrlar malakasi — hal etuvchi omil. Mamlakat yoki korxonani dunyo miqyosida raqobatdosh darajaga kim koʻtara oladi? Albatta, malakali va salohiyatli mutaxassislar! Bunday mutaxassislarni tayyorlashga oliy taʼlim muassasalari masʼuldirlar.

Oʻziga xos “oʻyin qoidalari”

Oliy taʼlim sifatini oshirish borasida islohotlar allaqachon boshlangan. Uni modernizatsiyalashga doir yangilanishlar ham amalda. Tizimda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash masalasi davlat va hukumat nazoratida turibdi. Prezident hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu sohada qator hujjatlar, qolaversa, oliy taʼlimni rivojlantirishning 2030-yilgacha moʻljallangan konsepsiyasi qabul qilindi. Uni amalga oshirish strategiyasi tayyor. Mazkur hujjatlarda mamlakatimizda oliy taʼlim qamrovini 50 foizgacha oshirish belgilangan.

Bundan tashqari, sohani isloh qilishning oʻnta ustuvor yoʻnalishi ­aniqlab olingan. Bular Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini xalqaro taʼlim dasturlari doirasida qayta shakl­lantirish, nazariy bilimlarning amaliy natijalari bilan bogʻliq ilgʻor standartlarni joriy etish va davlat hamda xususiy taʼlimning yana-da ­mustahkam hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni koʻzda tutadi.

Hozir mamlakat miqyosida kelajakdagi ikkita oliy oʻquv yurti taʼlim muassasalarining flagmanlari sifatida belgilangan. Yaqin istiqbolda xalq­aro universitet reytingida qatnashish uchun barcha universitetlarda kredit-modul tizimiga oʻtish masalasi qoʻyilgan. Fan, ishlab chiqarish va taʼlimning integratsiyalashuvi “Universitet 3.0” dasturi asosida amalga oshiriladi. Jadal ravishda startaplar yaratiladi, maqolalarni xalqaro jurnallarda nashr etish imkoniyati kengayadi va aholining oliy taʼlim olishi ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadi. Bularni roʻyobga chiqarish uchun “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgan.

Ammo bizningcha, mazkur masalalarni samarali hal qilish uchun oʻziga xos bozor mexanizmlarini ishlab chiqish zarur. Bunda xorijiy universitetlar tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq. Ushbu bozor mexanizmlari oliy taʼlim muassasalari faoliyatida oʻziga xos «oʻyin qoidalari»dir. Ular mulkchilik shakllari, kredit-modul tizimi, oʻqish narxlari, universitetlar va davlat oʻrtasidagi munosabatlarga tegishli boʻlib, davlatning meʼyoriy-huquqiy hujjatlarida oʻz aksini topadi.

Oliy taʼlimni rivojlantirishning 2030-yilgacha moʻljallangan konsepsiya­sida mamlakatda raqobatdosh taʼlim xizmatlari bozorini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Yaʼni unga muvofiq, davlat universitetlari bilan bir qatorda, xususiy va aralash oliy taʼlim muassasalari ham faoliyat olib boradi. Natijada oliy taʼlim xizmatlari makonida sogʻlom raqobat muhiti shakllanadi va uning natijasida oliygohlar xalqaro oliy taʼlim xizmatlari bozoriga asta-sekin transformatsiyalashadi, korxonalar uchun kerak boʻlgan raqobatbardosh ­kadrlarni tayyorlashga moslashadi. Bunday raqobat xizmat turlari hamda sifatini yaxshilashga, taʼlim qiymati va oʻqitish xarajatlarini kamaytirishga, taʼlim-tarbiya yonida innovatsiyalarni qoʻllashga, internet tizimi va AKT joriy etishga majbur boʻlishadi.

Demak, bora-bora mamlakatda taʼlim sohasida ham erkin raqobat bozori shakllanadi, Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari jahon taʼlim makonining bir qismi tarzida nafaqat taʼlim xizmatlarini import qiluvchi, balki eksport qiluvchi muassasalarga aylanadi. Shu munosabat bilan xorijiy oʻquv dargohlari ilgʻor tajribalarini oʻrganish foydadan xoli emas. Ayniqsa, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash borasida.

Talaba qaysi modulni tanlaydi?

Xalqaro reyting — misoli koʻzgu. Oʻz navbatida, yuksak eʼtirof ham. Shu sababli unda xalqaro universitetlar munosib bahoga ega boʻlish uchun oʻzining raqobatdoshlik koʻrsatkichini ­saqlab qolish va kuchaytirishga intiladi. Bu, birinchi navbatda, oʻquv jarayonining kredit-modul tizimiga asoslangan sifati bilan taʼminlaydi.

Xoʻsh, kredit-modul tizimining oʻzi nima va uning qanday afzalliklari bor? Avvalambor shuni taʼkidlash kerakki, bu ikki tushuncha bir-biri bilan chambarchas bogʻliq, ularni alohida qoʻllash uning hayotdagi mazmunini yoʻqotadi, boshqacha aytganda, bunday aj­ratish eski tovarni yangi qoplamaga oʻrab sotishga oʻxshaydi. “Kredit” inglizchada talaba ushbu modulni oʻrganish asosida olgan bilimlarining jiddiyligi va ishonchliligini anglatadi. “Modul” soʻzi esa tovar yoki xizmatlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan butunning standartlashtirilgan qism­larini ifodalaydi. Demak, talaba boʻlgʻusi kasb egasi boʻlish uchun bir fanni toʻla oʻrganib, bilimini yodda saqlashi kerak emas. Koʻproq fanning zarur qismlarini ishchanlik mahoratini oshirish va kompetent boʻlishi uchun oʻrganishi kerak. Oʻtgan asrda axborot majmui kam boʻlgan paytda fanni yodlash va esda saqlab qolish asosiy oʻrinda boʻlgan. XXI asrda fanlarning integratsiya va differensiatsiyasi tezkorlik bilan amalga oshish sharoitida fanning eng kerakli “oʻzagini” oliygohda oʻrganish, qolgan qismini butun umr faoliyatida oʻrganishi lozim. Masalan, mebel yigʻishda yogʻoch, metall yoki plastik kabilar (butunning standartlashtirilgan qismlari)dan foydalaniladi. Keyin mebel kerakli dizayn, rang, shakl va narxga koʻra yigʻiladi. Xuddi shunday, universitetlar ham bozor talablarini inobatga olgan holda, mijozlar buyurtmalariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlaydi. Misol uchun, Amerika universitetlari kredit standarti boʻyicha talabalar bilan haftada 3-4 soatdan iborat aloqa soatidan foydalanadi. Angliya universitetlari esa har bir modul uchun mos ravishda 15 va 20 kreditdan foydalanadi. Modullar, shuningdek, talabalarning bilimini nazorat qilish shakllari, auditoriya va auditoriyadan tashqari mashgʻulotlar nisbati (1:3) standartlashtiriladi.

Loyihalar odatda ikki baravar koʻp kreditlarga ega. Kredit-modul tizimi turli universitetlarda mutaxassislar tayyorlashda yagona talablardan foydalanish imkonini beradi. Qolaversa, bu qiyosiy tahlilda ham qulay. Bu tizim talabaga modullarni oʻzi tanlashi, tez oʻzgarib ­turadigan bozor ­talablariga moslashish, taʼlim xarajatlarini kamaytirishga koʻmak beradi. Talaba oʻrganilayotgan oʻquv fanlari orasidan kelajakdagi ish faoliyati uchun faqat zarur boʻlgan modullarni tanlaydi.

Uch muhim maqsad

Raqobat qayerda paydo boʻladi? Insonlar, korxonalar va tashkilotlar koʻzlangan maqsadni amalga oshirishda cheklangan tovarlar, xizmatlar yoki manbalar taqchilligi bilan toʻqnashgan joyda! Ayni shu oʻrinda iqtisodiyot faniga ehtiyoj seziladi. Agar tanqislik boʻlmaganida iqtisodiyotni fan shaklida oʻrganishga hojat ham qolmasdi.

Raqobat va hamkorlik bir-biriga taʼsir qiluvchi hamda oʻzaro bogʻliq ­tushunchalardir. Isteʼmolchilar ­isteʼmolchilar bilan, ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqaruvchilar bilan, universitetlar esa universitetlar bilan raqobatlashadi.

Hozirgi kunda universitetlar uch ­asosiy maqsadni koʻzlamoqda: iloji boricha koʻproq talabaga ega boʻlish, har bir talabaga sarflanadigan mehnat va ­boshqa resurslar miqdorini kamaytirish va mutaxassislar sifatini oshirish. Aslida bular bir-biriga mutlaqo zid. Qiyinchilik — tayanch nuqtani topishda. Uchala tomonning muvozanatini saqlashda xalq­aro universitetlar axborot-kommunikatsiya va ilgʻor pedagogik texnologiyalardan, intranet (talabalarning muloqot qilish ichki tarmogʻi) hamda masofaviy taʼlimning barcha vositasidan foydalanadi. Xalqaro universitetlarda ayni paytga kelib axborotni toʻplash, saqlash, qayta ishlashning qogʻoz oqimi nolga tushirilgan. Uchrashuv va yigʻilishlar zarur vaziyatlardagina oʻtkaziladi, ammo professor-oʻqituvchilarning ilmiy seminar hamda treninglari har hafta tashkil etiladi.

Universitetlar mehnat bozori holatini muntazam ravishda sinchkovlik bilan oʻrganadi, bu boʻyicha marketing tad­qiqotlarini olib boradi, korxonalar faoliyatini monitoring qiladi, taʼlim xizmatlarining haqiqiy va potensial isteʼmolchilari bilan doimiy aloqada boʻladi.

Jumladan, tovar va xizmatlar bozorida yangi tendensiyalar paydo boʻlmoqda. Shvetsiya olimlari hamda raqobatbardosh strategiya sohasidagi yirik ekspertlarning bu boradagi fikriga nazar tashlaylik. Ular korxonalar faoliyatida standartlashtirish va birxillashtirishni kechagi kun talabi, deb hisoblaydilar. Xususan, Shvetsiya olimlarining fikriga koʻra, rivojlangan mamlakatlarda innovatsiya oʻz oʻrnini allaqachon mustahkam egallagan. U “jin kabi koʻzadan chiqib” standartlashtirishning oʻrnini egallab bormoqda. Chunki korxonalar bozorda oʻz mavqeini egallab qolish uchun toʻxtovsiz yangilik yaratishi zarur. Yangilikka standart­lashtirish toʻsqinlik qiladi. Bu fikrlar toʻla-toʻkis oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga ham tegishli. Raqobatdosh korxonalar doimiy ravishda innovatsiyalarni amalga oshiradigan subyekt boʻlgandagina raqobatga chidash bera oladilar. Mutaxassis hamda xodimlar esa ularni bevosita roʻyobga chiqaruvchi kuch. Koʻryapsizmi ijodkor, tanqidiy va yangicha fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash qanchalik muhim?!

Taʼlim jarayonidagi musobaqa va diplomlarning besh turi

Hamjihatlikda hikmat koʻp. Raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash jarayonida ham bu juda muhim. Yaʼni universitetning barcha boʻlimi yakdil boʻlib faoliyat olib borsa hamda qoʻyilgan maqsad atrofida jipslashsa, muvaffaqiyat kafolatlanadi. Xorij universitetlarida barcha boʻlimlar diqqat-eʼtibori taʼlim oluvchilar, talabalarga qaratiladi.

Iqtisodiy yoʻnalishdagi universitetlarda raqobat nazariyasi va ama­liyotiga doir, raqobatbardoshlik koʻnikmalarini shakllantiradigan oʻquv modullari oʻqitiladi va Vatanimiz oliygohlari ham bu tajribani keng qoʻllashi kerak. Davlatimiz rahbari ushbu sohada yangi fanlarni joriy qilish zarurligini alohida taʼkidladi. Bunday modullar roʻyxati oʻzgarib turadi va biz ham bunday talabni diqqat markazimizda tutadi. Xalqaro universitetlarda menejment iqtisodiyoti, biznesni tashkil etish iqtisodiyoti, sanoat iqtisodiyoti va ekonometrika kabi fanlar oʻtiladi. Baʼzan respublikamiz universitetlari ham shu nomdagi fan va modullarni oʻquv rejalariga kiritishadi, ammo mazmuni xorijiy mamlakatlardagilardan katta farq qiladi. Baʼzan eski ada­biyotlardan foydalanish ham yangilik emas. Mazkur fanlar Vestminster universitetida ham iqtisodiyotning ­asosiy modullaridan bir qismi sifatida oʻqitilmoqda. Talabalar oʻrtasidagi ­raqobat natijalari jamgʻarilgan kreditlar asosida berilgan diplomlar maqomida ham aks etadi.

Oliy maʼlumotni tasdiqlovchi diplomlarning besh turi mavjud. Shu bois raqobatning muvaffaqiyati baʼzan bir ball bilan ham farqlanadi. Bu orqali talabalar bilimini nazorat qilishda ballarning “inflyatsiyasi”ga barham beriladi va talaba yuqori toifadagi diplomni olishi uchun bir ballning ahamiyati katta. Demak, yaxshi diplom olishning asosiy yoʻli toʻxtovsiz oʻqish, oʻrganish, izlanish va yaratuvchanlik hisoblanadi va shu tizim orqali raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanadi. Ana shunday ijobiy maʼlumotlar korxonalarga bitiruvchilarni ishga qabul qilish yoki magistratura bosqichida oʻqishni davom ettirishda juda qoʻl keladi.

Kapital isteʼdodlarning “musiqasiga oʻynaydi”

Raqobatbardosh mutaxassislar qanday tayyorlanadi? Buning qator talab va yoʻl-yoʻriqlari bor. Masalan, taʼlim jarayonida oʻz qobiliyati hamda isteʼdodini bahs-munozaralarda namo­yish etish orqali. Shuningdek, oʻz vaqtini boshqarish (taym menejment), mus­taqil oʻqish, topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarish va belgilangan muddatda topshirish yordamida. Raqobatbardoshlikka doir zamonaviy kitoblarni oʻqish ham oʻta muhim. “Fanki Biznes: kapital isteʼdodlarning musiqasiga oʻynaydi” nomli kitob shulardan biri. Rivojlangan mamlakatlarda bu qoʻllanma iqtisodchi va menejerlarning stolidan muqim joy olgan. Kitob dunyoning 35 tiliga tarjima qilingan va 110 million nusxada sotilgan. Asar mualliflari — shved olimlari K. Nordstroum va I. Ridderstrale Yevropada menejment sohasidagi eng yaxshi professorlar nominatsiyasida birinchi oʻrinni egallagan. Kitob sizga zamonaviy raqobat dunyosi, bozor tendensiyalarini oʻrganishda toʻplangan boy amaliy tajribalarni taqdim etadi.

Kitob mualliflarining fikricha, raqobat bozorda xarajatlar va sifat oʻziga xos joziba hamda yetakchi mavqega ega boʻlgan joyda yuzaga keladi. Bugungi kunda firmalar raqobatining predmeti ikki mezon bilan oʻlchanadi. Bular — vaqt va isteʼdod. Firmalar tovarlarni pullash orqali aslida vaqt hamda isteʼdodni sotadilar. Korxonalar xodim yollaganda ham mohiyatan uning isteʼdodi va vaqtiga xaridor boʻlishadi. Nima uchun? Chunki bugungi ishlab chiqarish jarayonida hal qiluvchi resurs moddiy resurs emas, balki intellektual resurslardir. Shuning uchun zamonamizda bilimlar majmuasi, insonlarning intellektual salohiyati iqtisodiy oʻsish va rivojlanishning bosh mezoniga aylandi.

Yuqorida nomlari keltirilgan olimlar taʼkidlaganidek ishlab chiqarishning asosiy vositasi — vazni taxminan bir yarim kilogramm boʻlgan kulrang yaratiq. Bu — inson miyasi. Darhaqiqat, har qanday mutaxassisning isteʼdodi va vaqti raqobatda hal qiluvchi omil. Shuning uchun hozirgi kunda ishbilarmonlik dunyosida taʼlimning ahamiyati juda katta. Bundan tashqari, xorijiy universitetlar raqobatbardosh strategik koʻnikmalarni egallash uchun ekonometrikani oʻrganishni tavsiya etadi. U asosiy modullarning bir qismi boʻlib, ikki yil davomida oʻqitiladi. Ekonometrika, soddaroq qilib aytganda, iqtisodchilar uchun texnologik xatarlarning oldini olish, samarali qarorlar qabul qilish va shu or­qali raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim asos boʻladi.

Tayoqning ikki uchi bor va taʼlimdagi dinamik mexanizm

Rus xalqining bu aforizmini sohamizga bogʻlab talqin qilsak, tayoqning bir uchi — talaba, ikkinchi uchi — professor. Dars jarayonida ular bir-birini nazorat qiladi va bir-biriga koʻmaklashadi. Oʻzaro nazoratning dinamik mexanizmi deb shunga aytiladi. U qanday ishlaydi? Aytaylik, oʻqituvchi, maʼruzadan soʻng seminar yoki amaliy mashgʻulotga tayyorgarlik koʻrish uchun talabalarga “Ekonomist” xalqaro jurnalida chop etilgan u yoki bu maqolani oʻqish va kelgusi darsga uning muhokamasiga tayyor boʻlib kelish vazifasini topshiradi. Professorning oʻzi ham shu maqolani munozara uchun yaxshilab qayta oʻqib chiqishi kerak. Aks holda, muhokama jarayonida talabalar munozara qilganda moderator sifatida ishlay olmaydi. Bundan tashqari, semestr davomida uch marotaba kurs yigʻilishlarida talabalar modul rahbarlarining oʻqitish sifati va talabalarning oʻquv jarayonidagi yutuqlarini muhokama qilishadi. Unda bahs-munozaralar boʻlib oʻtadi va kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻriladi. Talabalar oʻqitish sifatini obyektiv baholaydilar hamda yaxshi, yuragida iz qoldirgan professor-oʻqituvchilarga nisbatan “yaxshi”, “eng yaxshi” va “aʼlo” singari epitetlardan foydalanadilar.

Ularning nazarida yaxshi oʻqituvchi — mavzuni yaxshi tushuntiradigani. Eng yaxshi muallim — talabani qoʻllab-quvvatlovchi, ragʻbatlantiruvchi. Zoʻr pedagog — ilhomlantiruvchi.

Xalqaro Vestminster universitetining bu boradagi tajribasi haqida gapiradigan boʻlsak, talabalar koʻpincha “Jahon iqtisodiyotining zamonaviy muammolari” deb nomlanuvchi nisbatan ancha murakkab, ammo qiziqarli moduldan saboq beradigan yosh oʻqituvchi, falsafa doktori Bilol Buzurukovning ­faoliyatini koʻpincha eʼtirof etishadi.

Karantin masofaviy taʼlimga keng yoʻl ochdi

“Tojdor” virus pandemiyasidan deyarli barcha soha jiddiy ziyon koʻrmoqda. Xususan, oliy taʼlim sohasi ham. Bu ofat tufayli dunyoning 150 mamlakatidagi universitetlar qisman yoki toʻliq oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi. Aslida, bunga koʻpam hojat yoʻq edi. Chunki aksariyatida masofaviy oʻqitishning ilgʻor usullari allaqachon yoʻlga qoʻyilgan: internet, oldindan tayyorlangan videomaʼruzalar, disklar, lentalar, audio hamda media qoʻllanmalar, kitoblar, pochta xizmatlari, telefon, telegramma va hokazolar bu borada qulay vositalar.

Universitetimizda ham taʼlimning rivojlangan oʻquv platformasi Kanvas Zoom bilan birlashtirilgan. Biz yakuniy nazorat uchun yozma imtihonlar, amaliy ishlar, real maʼlumotlar boʻyicha tahliliy topshiriqlarning guruhli yechimi va boshqalardan foydalanamiz. Bilimni yakuniy baholash uchun test oʻtkazish imkonsizdir.

Faoliyatimizning xalqaro eʼtirofi

Jahonda tanilish va tan olinishni istagan universitetlar xalqaro taʼlim makoniga muvofiqlashtirilishi lozim. Buning zaruriy shartlaridan biri xalqaro reytinglar va xalqaro tarmoqlarda ishtirok etish.

2019-yil 19-noyabrda universitetimiz Oʻzbekistonda barqaror rivojlanish global tarmogʻi (SDSN)ga qabul qilingan birinchi oliy taʼlim muassasasi boʻldi. BMTga tegishli mazkur global tarmoqqa 35 mamlakatdan 700 tashkilot aʼzo.

SDSN — hukumat, tadqiqotchilar, tadbirkorlar va fuqarolik jamiyatlari platformasi. U orqali Oʻzbekistonda SDSN tomonidan qoʻyilgan muammolarning amaliy yechimlarini topish, siyosiy masalalarni hal etishga hissa qoʻshish mumkin. Ushbu platforma BMT Bosh kotibi homiyligida ishlaydi. Shuningdek, universitetimizda 2006-yildan beri faoliyat olib borayotgan YUNESKOning Bilimlar iqtisodiyoti kafedrasi xalqaro YUNTVIN tarmogʻiga ulangan va jahon universitetlarining shu toifadagi kafedralari bilan taʼlim hamda ilmiy tadqiqotlar sohasida tajriba almashadi.

Keyingi uch yil ichida muassasamiz 200 ta mamlakatdagi 13 ming 600 ta universitetni qamrab olgan ­“YUNIRENK” reytingida respublika oliy oʻquv yurtlari orasida birinchi oʻrinni egalladi. Bu mamlakatimiz universitetlarining Markaziy Osiyodagi ilm-fan platformasiga aylanishi yoʻlidagi dadil qadamdir. 

Biz oliy taʼlimni isloh qilishning eng asosiy va ustuvor yoʻnalishlari haqida toʻxtaldik. Keltirib oʻtilgan ilgʻor tajriba hamda misollar esa xalqaro oʻquv yurtlari va respublikamiz taʼlim xizmatlari bozoridagi filiallar faoliyati asosida toʻplandi. Ularni oʻrganish, tahlil qilish hamda amaliyotga joriy etish oliy oʻquv yurtlarining jahon taʼlim tizimiga moslashishini tezlashtiradi va mamlakatimiz taraqqiyotini yana-da jadallashtiradi. Faqat fursatni boy bermaslik kerak!

Komiljon KARIMOV,

Toshkent xalqaro Vestminster universiteti rektori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер