Toshkent havosini muhofaza qilish boʻyicha takliflar berildi
Ekologiya vazirligi Toshkent havosi ifloslanishiga taʼsir etayotgan omillarni maʼlum qildi. Tahlillarga koʻra, poytaxt havosi ifloslanishiga yashillikning kamaygani, betartib qurilishlar, transport oqimi yuqoriligi, koʻmir va mazutdan chiqayotgan zaharli tashlanmalar sabab boʻlmoqda.
Toshkent shahrida atmosfera havosiga koʻrsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish boʻyicha quyidagi takliflar ilgari surilmoqda:
— “Yevro-4» standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻidan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash;
— avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahri hududida kunning tigʻiz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00dan 10:00ga qadar va 17:00dan 20:00ga qadar) yuk tashish uchun moʻljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarini harakatini cheklash;
— 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash, avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga oʻtish uchun (elektromobil) imtiyozlar, preferensiyalar va subsidiyalar berishni yoʻlga qoʻyish;
— soʻnggi yillarda avtomobil yoʻllarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida tajriba tariqasida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish;
— shaharning diqqatga sazovor markaziy koʻchalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil qilish;
— jamoat transportini toʻliq elektr, gaz-ballon yoqilgʻisi va boshqa muqobil yoqilgʻi turlariga oʻtkazish, shuningdek, yoʻl infratuzilmasini tashkil etish;
— barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy eʼlon qilish;
— Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida koʻmir yoqilgʻisidan foydalanishni taqiqlash;
— mikroiqlim moʻtadilligini taʼminlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy taʼsir etish maqsadida sunʼiy suv havzalarini barpo etish;
— Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan Issiqlik markazlarida zaxira yoqilgʻisi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
— ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari koʻchishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish;
— atmosfera havosining sifat koʻrsatkichini doimiy eʼlon qilib boradigan tablo va monitorlar oʻrnatish.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring