Toʻrtkoʻlda dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy savdosi fosh etildi
Dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy savdosi fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toʻrtkoʻl tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Mazkur tadbirda “A.F.” MCHJ masʼul shaxslari MCHJning dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shugʻullanish uchun litsenziyasi sud tomonidan bekor qilingan boʻlsada, davlat reyestrida qayd qilinmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan va yaroqlilik muddati oʻtgan umumiy bahosi 279 mln soʻmlik 869 turdagi dori vositalari, 16 turdagi tibbiy buyumlar va 162 turdagi biologik faol qoʻshimchalarni savdoga qoʻyganliklari aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz yoxud xabarnoma yubormasdan shugʻullanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring