Toʻraqoʻrgʻonda yirik toʻqimachilik klasteri barpo etilmoqda

07:59 27 May 2022 Jamiyat
800 0

Foto: Халқ сўзи

Namangan viloyati iqtisodiyotida munosib oʻringa ega boʻlgan “Iftixor kiyim sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish salohiyati tobora yuksalib borayotir. Uning Namangan shahridagi bosh korxonasida tayyorlanayotgan tikuvchilik mahsulotlariga jahon bozorida ham talab yuqori. Yirik tadbirkorlik subyekti yaqinda Toʻraqoʻrgʻon tumanida yana bir istiqbolli loyihani amalga oshirishga kirishdi. Paxta xom ashyosini yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishgacha boʻlgan texnologik jarayonlarni oʻz ichiga olgan boʻlajak korxonada ip-kalava, toʻquv, boʻyash, tikuvchilik, denim-nondenim matolari yoʻnalishi boʻyicha majmua tashkil etiladi.

Bu yerda roʻyobga chiqariladigan bunyodkorlik va texnologik jihozlash ishlarining qiymati 181 million yevroga teng boʻlib, uning 126 millioni bank krediti, 54 million yevro tashabbuskorning oʻz mablagʻi hisobidan moliyalashtirilmoqda.

Ayni paytda Toʻraqoʻrgʻon tumani hududidan ajratilgan 17 gektar maydonda mazkur tekstil klasteri bino va inshootlari qurilishi jadal davom ettirilmoqda.

— Kelgusi yili toʻla bitkaziladigan korxona birinchi navbatda yiliga 100 million yevroga teng tashqi savdo amaliyotlarini bajarish bilan Toʻraqoʻrgʻonning eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qoʻshadi, — deydi tuman hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Elyor Ismatillayev. — Loyiha bu yerda mahalliy yoshlar uchun 3 mingta ish oʻrni yaratishi bilan yanada ahamiyatli.

Q. NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер