Tomchilatib sugʻorish suvni tejab, daromadni oshiradi
Dunyo afkor ommasi suv tanqisligining oldini olish yuzasida bosh qotirayotgan bir pallada, serquyosh diyorimizda suv resurslarining salmoqli qismi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishga sarflanayotganini eʼtiborga olinsak, bu beminnat neʼmatdan tejab-tergab foydalanish qanchalik dolzarb masala ekanligini anglash qiyin emas.
Shu maqsadda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi uskunalardan unumli foydalanilgan holda, sohaga yangi texnologiyalar yana-da keng tatbiq etilsa, hosildorlik koʻtarilishi bilan birga, suvni tejash imkoniyati ham yuzaga keladi.
2020-yil 16-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida suv xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan boʻlib, unda agrar sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar belgilab berilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4919-sonli qarori ham, suv tanqisligining oldini olish hamda mahsulot yetishtirishda sifat va samaradorlikni yana-da oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur qaror ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.
— Belgilangan dasturga asosan, joriy yilda Samarqand viloyatida 20 ming 162 gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan, — deydi «Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi Nurmamat Tursunov. — Shundan, 13 ming 269 gektar paxta, 2 ming 861 gektar bogʻ va 3 ming 649 gektar tokzorlarda suv tejovchi innovatsion texnologiyalarni oʻrnatish koʻzda tutilgan. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 403 milliard soʻmdan ziyodni tashkil etadi. Jumladan, joriy yilda Kattaqoʻrgʻon tumanida 7 ming 979 gektar, Payariq tumanida 2 ming 355 gektar, Past Dargʻomda 1 ming 433 gektar va Narpay tumanida 1 ming 354 gektar yer maydonida suv tejamkor uskunalar oʻrnatilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Narpay tumanining Oybek MMTP hududida «Optima Agro Klaster» MCHJ klaster korxonasi tomonidan 415 gektar yer maydoniga suv tejamkor uskunalar oʻrnatish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun belgilangan loyihalar ijrosi yuzasidan kunlik monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Har bir loyiha yuzasidan buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar, ularning harakat rejasi, suv tejovchi texnologiyalar uchun keltiriladigan asbob-uskuna va boshqa tashkiliy - texnik masalalarni hal etish yuzasidan nazorat oʻrnatilgan.
Suv tejovchi uskunalar joriy etish har gektar yer hisobiga suvni 40-45 foizga tejash imkonini berishi bilan birga, hosildorlikni 15-20 sentnerga oshiradi. Buni viloyatdagi koʻplab klaster korxonalari, fermer xoʻjaliklari amalda sinab koʻrishdi.
Jumladan, Ishtixon tumanidagi “Maroqand Sifat Texstil” MCHJ klaster korxonasi bir necha yildan beri paxta yetishtirishda suv tejovchi uskunalardan foydalanib kelmoqda. Natija yomon emas. Innovatsion texnologiyalar amaliyotga tatbiq etilganidan soʻng bir vaqtlar 15-20 sentnerdan paxta xom ashyosi yetishtirilgan hududlardan, birgina 2020-yilning oʻzida 40-45 sentner paxta xom ashyosi yigʻishtirib olindi. Har gektar yerdan odatiy usulda sugʻorishga nisbatan 40-45 foiz suvni tejashga erishildi. Suv tejamkor uskunalarning yana bir avzalligi shundaki, gʻoʻzaga agrotexnika qoidalariga asosan ishlov berish, kultivatsiya qilish keskin kamayadi. Mineral va mahalliy oʻgʻitlar aynan oʻsimlik ildiziga yuborilishi, hosildorlikning oshishiga xizmat qiladi.
Joriy yilda klaster korxonasi tomonidan 430 gektar yer maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Shu oʻrnida aytish kerakki, 2020-yili Samarqand viloyati boʻyicha jami 4 ming 788 gektar, shundan 2 ming 200 gektar paxta maydoni, 1 ming 616 gektar bogʻ zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar asosida tomchilatib va tuproq ostidan sugʻorish texnologiyalari joriy etildi.
Sohada amaliyotga joriy etiladigan yana bir innovatsiya — klaster korxonalari va fermer xoʻjaliklari yer maydonlarini lazer yordamida tekislash orqali suv sarfini 20-25 foiz, oʻgʻitni 15 foiz tejash, hosildorlikni kamida 10 foizga oshirishdan iborat. Shu maqsadda joriy yilda viloyatda 9 ming 800 gektar yer maydonini lazerli uskuna yordamida tekislash rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, tomchilatib sugʻorish har jihatdan foydali va samarali ekanligi amalda oʻz isbotini topmoqda. Shunday ekan, qishloq xoʻjaligi korxonalari hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan zamonaviy innovatsion texnologiyalar joriy etilsa, suv resurslari va xarajatlarni tejash barobarida, koʻproq daromad olishga zamin hozirlangan boʻlardi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring