Toʻylar va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solishga oid qoʻshma qaror ijrosi taʼminlanyaptimi?
uznews.uz
Oʻtgan yilning 14-sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senati Kengashlarining “Toʻylar, oilaviy tantanalar,maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori qabul qilingan edi. Ushbu hujjat va u bilan tasdiqlangan nizom joriy yilning 1-yanvaridan kuchga kirdi.
Xoʻsh, ushbu qaror ijrosi qay darajada taʼminlanmoqda? Unga amal qilinyaptimi, yoʻqmi?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida ushbu masalalar atroflicha tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan toʻy va marosimlarni oʻtkazish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi tayyorlangan.
Unda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazish tartibini mazkur tadbirlarni oʻtkazuvchi shaxs tomonidan yoki toʻyxona, kafe va restoranlarning mansabdor ¬shaxslari tomonidan buzish holatlarida qoʻllaniladigan jarima miqdori belgilangan. Qonun loyihasi tez orada Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan maʼqullangandan keyin Senat muhokamasiga kiritiladi.
Zarur chora-tadbirlar koʻrilishiga qaramay, hamon toʻylarni dabdaba bilan oʻtkazishga urinayotgan yurtdoshlarimiz uchrab turgani qayd etilib, bu borada barcha mutasaddilar, keng jamoatchilik birgalikda yana-da koʻproq ish olib borishi zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi tomonidan “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni tashkil etish va uni oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlari raislari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini tashkil etish tartibi” ishlab chiqilgani aytib oʻtildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi tomonidan 2019-yilning oktyabr oyida “Toʻy, marosim va maʼrakalarni meʼyorida oʻtkazish haqida fatvo” loyihasi tayyorlangan. Shuningdek, Transport vazirligi IIV bilan birgalikda bir oy muddatda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda pullik avtotransport xizmati koʻrsatish faoliyatini alohida nazoratga oldi.
— Namunali toʻy, degani bu bir xil csenariy asosida oʻtadi degani emas, — deydi Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev. — Har bir hududning oʻziga xos urf-odati bor. Biz hududlardagi oʻziga xos qadriyatlarni emas, aksincha, turli “ommaviy madaniyat”ni targʻib etuvchi toʻy kortejlarini, isrofgarchilik, chetdan kirib kelgan yot “urf”lardan yoshlarni yiroq tutish boʻyicha ¬targʻibot ishlarini olib borishimiz kerak.
Yakunda jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar javob qaytarishdi.
Yulduz OʻRMONOVA
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring