Tiniq tuygʻular kuychisi

21:13 14 Aprel 2026 Madaniyat
320 0

Foto: Bobur Mamadiyorov/“Xalq soʻzi”

Navoiy davlat universitetida taniqli adib va publitsist Oʻtkir Rahmatning “Saylanma”sining IV tomi taqdimoti munosabati bilan “Tiniq tuygʻular kuychisi” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha boʻlib oʻtdi.

Anjumanda muallif bilan birga biologiya fanlari doktori, professor va akademik Bakriddin Zaripov, Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi raisi Gʻ.Aliyev, universitet professor-oʻqituvchilari, taniqli yozuvchi va jurnalistlar, talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Foto: Bobur Mamadiyorov/“Xalq soʻzi”

Tadbirni universitet rektori vazifasini bajaruvchi, professor Muxiddin Kalonov kirish soʻzi bilan ochib, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Oʻtkir Rahmatning boy ijodiy yoʻli, uning oʻzbek jurnalistikasi va adabiyotiga qoʻshgan munosib hissasiga atroflicha soʻz yuritdi. Adib asarlariga bosh mavzu boʻlgan inson qalbining nozik tuygʻulari, ona Vatanga muhabbat hissi va hayot haqiqatlarini teran yoritishdagi mahorati hamda ijodining mashaqqatli mehnati alohida taʼkidlandi.

— Inson umrining mazmunida kitobning oʻrnini boshqa biror narsa bosa olmaydi, — deydi M. Kalonov. — Zero, kitob hamma davr va barcha xalqlarning eng ulkan kashfiyoti sifatida oʻzining moʻjizakor va sehrli kuchi bilan necha-necha avlodlarga maʼrifat, maʼnaviyat va ziyo taratib, shu ziyo yogʻdusidan taraqqiyot odimi ildamlaydi, jaholat ustidan maʼrifat gʻalaba qiladi.

Foto: Bobur Mamadiyorov/“Xalq soʻzi”

Shundan soʻng universitetning xorijiy tillar fakulteti tadqiqotchilari hamda talabalari shoir ijodining tojik, qozoq va qoraqalpoq tiliga oʻgirilgan sheʼrlaridan namunalar oʻqib, qoʻshni xalqlar adabiy aloqalarining mustahkamlanishidagi oʻrniga alohida toʻxtaldilar.

Kechada muallif bir qator asarlari xususan “Sinov” dostoni hamda “Shovqin ichidagi daʼvatkor ovoz” kabi publitsistik asarlarining yaratilish tarixiga toʻxtalib, bugun dunyo afgor ommasini oʻyga solgan muammolar ayniqsa oʻsib kelayotgan yoshlar qalbini zabt etish, turli koʻrinishdagi yot gʻoyalar orqali ularni oʻz tarixi, milliy qadriyat va urf-anʼanalaridan mosuvo qilishga urinish, mutolaadan yiroqlashgan jamiyatda xamirdan qil sugʻurgandek oson kechishini alohida taʼkidlashdi.

Foto: Bobur Mamadiyorov/“Xalq soʻzi”

Tadbir ishtirokchilari muallif bilan yuzma-yuz muloqotda oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega boʻldilar.

Tadbir doirasida taniqli adib Oʻtkir Rahmatga Navoiy davlat universitetining faxriy professori unvoni tantanali ravishda topshirildi.

Foto: Bobur Mamadiyorov/“Xalq soʻzi”

Ijodiy uchrashuvning adabiy-badiiy qismida talabalar shoir qalamiga mansub sheʼrlarga bastalangan qoʻshiqlardan ijro etib, davraga fayz kiritishdi.

Mazkur uchrashuv nafaqat kitob taqdimoti, balki ijodiy muloqot, adabiyot, soʻz bayrami bilan uygʻunlashib, kecha ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?