Tinchlik bitimining yakuni arafasida Isroil 625 nafar falastinlikni ozod qildi
HAMAS 4 nafar garovga olinganlarning jasadlarini Isroilga qaytargandan soʻng, Isroil bunga javoban 625 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi, deb xabar bermoqda “Reuters” nashri.
Oʻt ochishni toʻxtatish rejimining birinchi bosqichi 1-mart kuni oʻz yakuniga yetadi. Bitim yakuni arafasida HAMAS toʻrt nafar garovga olinganlarning jasadlarini Isroilga qaytarib bergan edi. Isroil bunga javoban 26-fevral kuni 625 nafar falastinlik mahbusni ozod qilgan.
Maʼlum qilinishicha, HAMAS garovdagilarni ozod qilishning yagona yoʻli oʻt ochishni toʻxtatish ekanligiga ishonmoqda va rejimning ikkinchi bosqich kelishuviga erishish uchun muzokaralar oʻtkazishga tayyorligini bildirgan.
“Ozod etilishi kutilayotgan falastinlik mahbuslar orasida Gʻazoda qamoqqa olingan 445 nafar erkak, 24 nafar ayol va voyaga yetmaganlar, shuningdek, umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan 151 nafar mahbus bor”, — deyiladi HAMAS hisobotida.
Avvalroq, Isroil hukumati HAMAS tomonidan qaytarilgan toʻrt nafar jasadning biri nomaʼlum shaxs ekanligini aytib, uni HAMAS ixtiyoriga qaytarib, bunga javoban falastinlik mahbuslarni ozod qilishni ortga surib kelayotgan edi.
Maʼlumot uchun, 19-yanvar kuni kuchga kirgan Isroil va HAMAS garovga olinganlarni ozod qilish va oʻt ochishni toʻxtatish borasidagi uch bosqichli rejimning birinchi bosqichi 42 kun davom etishi va 1-mart kuni yakunlanishi belgilangan edi. Hozircha tomonlar ikkinchi hamda uchinchi bosqichlarni amalga oshirish uchun muzokaralarga shoshilmayapti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring