Tilsimotga toʻla tepalik

18:14 16 Mart 2023 Jamiyat
862 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻlkamizning deyarli barcha hududlarida tarixiy-arxeologik ahamiyatga molik qadimiy tepaliklar uchraydi. Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Birlashgan mahallasi hududida joylashgan Mandaktepa ana shulardan biri. Bu joyning baʼzida “Mondaktepa”, “Choʻmbogʻish tepa”, “Mardaktepa”, “Manaktepa” tarzida nomlanishi ham bor. Lekin mahalliy xalq orasida asosan “Mandaktepa” nomi bilan maʼlum va mashhur. Deyarli ikki gektar maydonni egallagan tepalik sharqdan gʻarbga qarab koʻtarilib boradi va gumbazli shiyponcha qad koʻtargan baland nuqtasidan chor-atrof baralla koʻrinib turadi.

Oʻtgan asrning oʻrtalarigacha bu joyning atrofi 10-15 km masofagacha choʻzilgan botqoqli qamishzordan iborat edi. Qalin toʻqay oralab oqqan Qoradaryoning bir oʻzani kunbotardan aylanib, tepalikka yaqin Qorakoʻlga borib quyilardi. Shu bois bu yerda qadimdan odamlar oʻtroq turmush kechirib kelishgan.

Shu oʻrinda moziyga bir nazar tashlashni istardik. Eramizdan avvalgi II asrga oid Xitoy yozma manbalarida Fargʻona mulki (davlati) “Davan” (baʼzida Dovon) deb atalishi va unda yetmishga yaqin katta-kichik shaharlar borligi qayd etilgan. Tilga olingan shaharlar ichida eng kattasi, shubhasiz, mazkur tepalikdan atigi uch chaqirim gʻarbda joylashgan, oʻz davrida Fargʻona vodiysining savdo, iqtisodiy va maʼmuriy boshqaruv markazi boʻlgan Eylaton (baʼzi manbalarda Shahri Haybar) edi. Tarixi miloddan avvalgi VI-III asrlarga borib taqaluvchi, maʼlum reja asosida, juda mukammal qurilgan ushbu ilk shaharni oʻz zamonasining yirik meʼmoriy muhandislik obidasi deyish mumkin. Tashqi chegarasi deyarli tutash koʻhna shaharning qachonlardir Mandaktepa oʻrnidagi qalʼa-istehkomga taʼsiri, uzviy bogʻliqligi boʻlganligi ehtimoldan xoli emas.

Oʻtgan asrning 70 yillarida izlanish olib borgan mahalliy tarixchi-tadqiqotchi Jakbarali Xursanaliyev bu joy shunchaki tepalik emas, balki baland kuzatuv minoralariga ega harbiy istehkom, qalʼa-qoʻrgʻon, shahriston boʻlganligini taʼkidlagan. Andijon davlat universiteti faxriy professori, taniqli tarixchi olim Sayfiddin Jalilov bu fikrni quvvatlagan holda, vaqtlar kelib tepalik ostidan qalin paxsa (aniqrogʻi, mudofaa devori) qoldiqlari topilishi shubhasiz ekanligini aytib oʻtgandi. Darhaqiqat, oradan koʻp oʻtmay, asrimiz boshida tepalik kovlanganda tasodifan toshday qattiq, mustahkam devor qoldiqlariga duch kelindi – olim taxmini toʻgʻri chiqdi. U shunchalar qattiq ediki, ketmon tugul maxsus choʻkich bilan ham buza olishmagan.

1954-yilda mahalliy jamoa xoʻjaligining ekin yerlarini kengaytirish maqsadida toʻqayzorni yoʻq qilish, zax suvni qochirishga kirishildi, chuqur zovurlar kovlandi. Yangi suv tarmogʻini qazish chogʻida tepalik yon-veridan koʻplab suyak qoldiqlari, sopol, chinni buyumlarning parchalari, oʻziga xos oʻlchamdagi (taxminan eni-30 sm, uzunligi- 40-45 sm, qalinligi-1,5-2 sm atrofida) yapaloq sopol gʻishtlar topildi va ularning parchalarini hozirda ham uchratish mumkin. Tepalik bagʻridan chiqqan kulolchilik buyumlari parchalari, yapaloq gʻishtlar va boshqa topilmalar mazkur manzilda odamlar avvaldan hunarmandchilik, ovchilik bilan mashgʻul boʻlganliklaridan dalolat beradi (bu yerdagi topilmalarning bir qismi qishloq markazidagi 42-umumtaʼlim maktabining tarix muzey-burchagida taxminan 1980-yilgacha saqlangan edi – muallif izohi).

Tepalik yaqinidagi ekinzor ostidan shudgorlash paytida topilgan gʻisht oʻra keksalarining hamon yodida. Yarim aylana tarzida, tartib bilan taxlangan toʻrt yuzdan ziyod shunday gʻisht bus-butunligi va chertilganda chinniday tovush chiqarishi koʻrganlarni hayratga solgandi. Eʼtiborlisi, bunday gʻishtlar tepalikning janub tomonidan bir chaqirimcha naridagi aholi xonadonlaridan birida chuqur kovlash paytida ham topilgan edi. Vaholanki, bu joylar yarim asr avval dala, ekin maydonlari, undan avvalroq esa qalin toʻqay boʻlgan. Balki tepalik (aniqrogʻi, Mandaktepa qalʼa-istehkomi)ning hududi hozirgisidan deyarli ikki-uch baravar katta boʻlib, shu joylargacha choʻzilganmikin?

Tadqiqotlarga koʻra, Mandaktepa qalʼa-qoʻrgʻoni yaqinida maxsus xumdon boʻlib, hunarmand-ustalar hozirgilaridan tubdan farq qiluvchi yapaloq sopol gʻishtlar tayyorlashgan va u “qirpish” - yaʼni qirqib pishirilgan loy, deb atalgan. Shu gʻishtlar bilan qalʼa-qoʻrgʻon atrofi mustahkam devor bilan oʻralgan, kuzatuv minoralari qad rostlagan. Ehtimol, u oʻz davrida 200 gektar maydonni egallagan koʻhna Eylaton shahrining bir boʻlagi yoxud uning sharqiy chegarasidagi mustahkam mudofaa inshooti-qoʻrgʻoni boʻlgandir? Yana bir jihati, qadimda bunday qalʼa-minora Eylatonda ham boʻlib, Mandaktepa bilan bir chiziqda joylashganligi eʼtiborga molik.

Xalq orasidagi rivoyatlarga koʻra, har ikkala qalʼa-minoralar oraligʻida Shahri Haybar, Shahri Barbar joylashganligi aytiladi. Boshqa bir rivoyatda qadimda bahaybat podshoh amriga koʻra, askarlar toʻnlarida tuproq tashib, tepalikni barpo etishgan emish. U balandlagan sari shoh tepalikka koʻtarilib “Mandak boʻlsin!” (yaʼni “Menday boʻlsin!”) deya boʻy-bastini koʻrsatgani va pirovardida tepalik “Mandak” boʻlib qolgani aytiladi. Uning nomi oʻtmishda bu yerda istiqomat qilgan odamlarning nasl-nasabi bilan bogʻliq, degan farazlar ham bildirilgan. Mantiqan qaralsa, toponimlar koʻpincha kadimiy soʻzlardir. Buning ustiga joy nomlari uzoq davr davomida isteʼmolda boʻlganidan fammatik, fonetik jihatdan oʻzgarib ketishi tabiiy. Shu bois oʻzi uchun tushunarsiz tuyulgan toponimdan maʼno qidirib, xalq tomonidan uni “milliylashtirish” biz tilga olayotgan tepalikka ham xos boʻlishi mumkin.

Yillar, asrlar oʻtgach, Mandaktepa qalʼa-istehkomi tanazzulga yuz tutdi, vayronaga aylandi. Olislardan koʻzga tashlanib, kecha-kunduz soqchi arimaydigan minoralar birin-ketin quladi. Oxir-oqibat undan oʻz qaʼriga moziy kechmishlarini yashirgan ulkan tepalik qoldi. Kuzatuvlarga koʻra, tashqi omillar taʼsirida uning markaziy qismi oʻtgan asrning oʻrtalariga qaraganda taxminan 3-3,5 metrga choʻkkan.

Hozirda Mandaktepa chor-atrofdagi eng katta, qadimiy qabristonlardan biri. Uning qachondan beri mozorga aylangani nomaʼlum. Qishloqning ziyoli nuroniylaridan biri Sharobiddin ota Shokirov shunday xotirlaydi: «Katta enamiz 90 yoshda dunyodan oʻtdi. U ota-bobolaridan eshitganiga koʻra, hozirgi Mandaktepa 500-600-yil avval Mozortepa, deb atab kelingan ekan.

Bu joyga tutash joyda, shundoqqina ostonasida qadim ziyoratgoh, xalq tili bilan aytganda, “Achamozor ota” ham joylashgan. Oʻtgan asrning 70 yillarigacha kichik oʻrmonni eslatuvchi bu manzilga odamlar ziyoratga kelib, sertikan, qalin oʻsgan sershox daraxtlarga har turli lattalarni boylab, nazr-ehsonlar qilishardi. Shu qishloqda yashab, 1974-yilda 101 yoshida vafot etgan Shukuroxun buva dil amri bilan bu joyda 1965-66 yillarda qayta taʼmirlash, obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirdi va umrining oxiriga qadar muqaddas qadamjodagi xayrli yumushini tark etmadi. Hozirda bu yerdagi usti yopiq daxma, archa va boshqa dov-daraxtlar qachonlardir bu yer muqaddas qadamjo boʻlganidan dalolat berib turibdi.

Hozirgi davr kadastr hujjatlarida Mandaktepada dafn etish joyi 1889-yilda tashkil topganligi, yer maydoni 1,77 gektarligi qayd etilgan. Boshqa rasmiy manbalarda, chunonchi, Izboskan tumanida turizm sohasini rivojlantirishda amalga oshirilgan ishlar hisobotida Mandaktepa ziyoratgohi eramizdan avvalgi III-IVasrlarda paydo boʻlgani aytiladi. Boshqa bir hududiy manbada yanada “yosharib ketgan” - milodiy V-VII asrlar. Ularning qay biri toʻgʻri?

Vazirlar Mahkamasining “Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida” qarori (2014-yil, 5-dekabr, 335-son)ning ilovasida Andijon viloyatidagi arxeologik ahamiyatga ega 30 ta manzil nomi koʻrsatilgan. Ular orasida biz tilga olayotgan ziyoratgoh 136-qayd raqami bilan Mondaktepa (Choʻmbogʻish tepa) tarzida roʻyxatga olinib, III-IV asrlarga taalluqli ekanligi koʻrsatilgan.

Arxeologlar bu tarzdagi qabristonlar qadimiy shaharlar yaqinida yoki ustida paydo boʻlganini bildirishadi. Yaʼnikim, ziyoratgohlar qadimiy maskanlarda vujudga kelgan deyishadi. Choʻngbogʻish qishlogʻidagi atrofi hozirda mevazor bogʻlar, ekinzorlar, tutzorlardan iborat, yuqoridagi rasmiy hujjatga qaraganda, yoshi 1700-1800-yilga teng mazkur tepalikda hanuzgacha jiddiy arxeologik qazishmalar, ilmiy izlanishlar oʻtkazilmagan. Osuda makonga aylangan koʻyi moziy sirlarini hamon bagʻrida saqlab kelyapti.

Shunisi qiziqki, Mandaktepadan janubda - bir yarim, ikki chaqirimcha narida yana bir sirli manzilgoh - Kunjuttepa ham mavjud edi. Oʻtgan asr oʻrtalariga kelib yerlar ekinzorlarga aylantirilishi natijasida butkul yoʻqolib ketgan ushbu tepalik ostidan va uning tevaragidan mahalliy aholi tomonidan qadimiy sopol, chinni, temir buyumlarning siniqlari,eski tangalar topilganligini qishloq keksalari yaxshi eslashadi. Balki bu joy ham qadimda bobolarimiz yashagan manzillardan biri boʻlgandir? Balki afsonaviy Eylotan, Mandaktepa, Kunjuttepaning bir-biriga bogʻliqligi bordir? Buyogʻi endi oʻlkashunos-tarixchilarning izlanishlariga bogʻliq.

Qadim ziyoratgohlar, qadamjolar tariximizning, millatimiz oʻtmishining ajralmas boʻlagi. Ularni oʻrganish, tarixiy yodgorliklarimizdan toʻgʻri foydalanish, umrboqiyligini taʼminlashga keyingi yillarda mamlakatimizda katta ahamiyat qaratilyapti. Shunday xayrli saʼy-harakatlar asnosida Birlashgan mahalla faollari va ahlining hamjihatligi bilan Mandaktepada keng koʻlamli obodonlantirish, taʼmirlash, koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi, davlat roʻyxatidan oʻtkazildi, muhofaza chegaralari belgilandi. Qishloq markaziga ingliz tilida maxsus yoʻlkoʻrsatgich oʻrnatildi. Ishonamizki, bu kabi ezgu ishlar hali davom etadi.

Halimjon TOHIROV,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер