Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etildi — SSV

17:45 02 Dekabr 2023 Jamiyat
1631 0

Prezidentimizning 2023-yil 20-iyundagi tegishli qaroriga muvofiq Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining nazariy bilimlari, amaliy koʻnikmalari, kasbiy mahoratini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish funksiyalarini amalga oshiruvchi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etildi.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakalarini baholash va ularga malaka toifalarini berish, bu borada mutaxassislar bilimi, koʻnikmalari va qobiliyatlarini obyektiv baholashning zamonaviy uslublarini joriy qilish;

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining oʻz malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishida koʻmaklashish;

attestatsiyalarni oʻtkazish va malaka toifalari berish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy asoslarni ishlab chiqish va takomillashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali uning shaffofligini taʼminlash;

tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga qoʻyiladigan amaldagi talablarni tahlil qilish va zamonaviy malakaviy talablarni hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazishning normativ-huquqiy bazasini yaratishda ishtirok etish.

Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi olish boʻyicha hujjat topshirish va attestatsiyadan oʻtkazishning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizim asosida tashkil etish tartibi tasdiqlandi.

Unga koʻra:

malaka toifasini berish boʻyicha attestatsiyalarning onlayn tartibi joriy yilning sentyabridan boshlab, sinov tariqasida vrach va farmatsevtlarga, 2024-yil 1-yanvardan boshlab, barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga bosqichma-bosqich joriy etiladi;

malaka toifasi berish boʻyicha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish va ularga elektron sertifikatlar rasmiylashtirilishini yoʻlga qoʻyish uchun “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish va ularga sertifikat berish” yagona axborot tizimi (tibtoifa.ssv.uz) yaratildi va 2023-yil 11-sentyabrdan tajriba sinov tariqasida joriy etiladi.

Endilikda malaka toifasi berish boʻyicha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjatlari faqat elektron shaklda tibtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

Bunda, hujjat topshirish uchun har bir tibbiyot va farmatsevtika xodimi Yagona identifikatsiya tizimi (OneID)da id.egov.uz havolasi orqali roʻyxatdan oʻtishi lozim.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish boʻyicha ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari yigʻilishi jadvali tuzildi, tasdiqlandi va Sogʻliqni saqlash vazirligining ssv.uz hamda markazning tmbm.ssv.uz rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilindi. Malaka toifasi berish boʻyicha attestatsiyalar joriy yilning 16-sentyabridan boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер