Tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida xalq tabobati boʻyicha tahsil olayotgan talabalar soni 800 nafarga yetkaziladi

14:23 25 Fevral 2023 Jamiyat
799 0

Yurtimiz xalq tabobati rivojlanishi uchun beqiyos imkoniyatga ega. Diyorimizdagi 750 dan ortiq oʻsimliklar farmatsevtika sanoatida qoʻllashga tavsiya etilgani buning yorqin misoli.

Uzoq yillar eʼtibordan chetda qolgan ushbu soha bugun yangi rivojlanish bosqichiga koʻtarilmoqda. Xususan, yurtimizda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, ularni chuqur qayta ishlash borasida samarali ishlar amalga oshirilyapti.

Eng muhimi, sohadagi islohotlar tabiat bilan uygʻun holda olib borilayotgani jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Jumladan, 2022-yil 7-8-iyun kunlari poytaxtimizda Shanxay hamkorlik tashkilotining “Anʼanaviy tabobat” forumi, 25-oktyabrda Markaziy Osiyo va Koreya hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi.

Joriy yilda SHHT doirasida aʼzo davlatlar ekspertlarining “Anʼanaviy tabobat boʻyicha Ishchi guruhi Nizomi” ishlab chiqilib, mazkur tuzilma mamlakatlarda xalq tabobatini rivojlantirish va oʻzaro hamkorlikni boshqarib boradi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tashabbusi bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi va 40 oʻrinli xalq tabobati davolash boʻlimi tashkil etildi. Buxoro va Andijon viloyatlarida muassasa filiallari ochilib, 2023-yil boshqa hududlarda ham faoliyati yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.

Ayni paytda yurtimizning barcha oliy tibbiy taʼlim muassasalarida xalq tabobati yoʻnalishi boʻyicha bakalavr bosqichida 500 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Kelgusi oʻquv yilida esa ular soni 800 nafarga yetkaziladi.

Yana bir yangilik. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining “Nevrologiya va xalq tabobati” kafedrasida ushbu yoʻnalish boʻyicha tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish yoʻlga qoʻyilgan.

Qolaversa, sohada zamonaviy tibbiyotning fizioterapiya, nevrologiya, terapiya singari ixtisosliklari doirasida fitoterapiya, igna bilan davolash, uqalash, girudoterapiya usullari amaliyotga tatbiq etildi. Davlat va xususiy shifoxonalarda esa hijoma, apiterapiya, naturopatiya kabi koʻplab xalq tabobati usullari samarali qoʻllanilmoqda.

Shu boisdan 2023-yilda sohada yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sogʻlomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер