“Tez yordam”ning 3 ta hududiy filialiga yana 30 dona “Volkswagen Caddy” avtomashinalari topshirildi
Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Jizzakh Auto“ oʻrtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, “103” xizmatiga navbatdagi 30 dona A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari topshirildi.
Bemorlar hayoti va sogʻligini asrash, ularga shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatishda “Tez yordam”ning ahamiyati yuqori. Shu bois bugun yurtimizda mazkur soha butunlay transformatsiya qilinmoqda. Tizimning moddiy-texnik bazasi yangilanib, kadrlar salohiyati oshirilyapti.
Ayniqsa, “103” xizmatini barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan taʼminlash borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida soʻnggi yillarda mazkur yoʻnalishda tibbiy xizmat koʻrsatish sifati sezilarli darajada ortdi.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2023-yil yanvar fevral oylarida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 227 ta “Volkswagen Caddy” avtomashinalari bilan boyidi.
Shuningdek, oʻtgan yil avgust oyida 50, sentyabr oyida 100, oktyabr oyida 100, noyabr oyida esa yana 108 dona ana shunday avtoulovlarning yangi partiyasi ehtiyojga qarab Respublika tez tibbiy yordam markazining hududiy filiallariga taqdim etildi.
2023-yil soʻngida “Jizzakh Auto” kompaniyasi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimi uchun mazkur rusumdagi avtomashinalarning navbatdagi 100 dona yangi partiyasi taqdim etildi.
Aytish lozimki, bu galgi 30 ta avtoulov Respublika tez tibbiy yordam markazining Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyati filiallariga mavjud ehtiyojga qarab taqsimlanadi. Natijada tizimdagi bunday avtotransport vositalari soni jami 800 dan oshadi.
Rejaga koʻra, joriy yil mart oyigacha yana 170 ta “Volkswagen Caddy” rusumidagi tez tibbiy yordam avtomashinalari hududlarga topshiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring