Termizda Prezident maktabi oʻz faoliyatini boshladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Termiz shahridagi “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻini hududida qad rostlagan Prezident maktabining ochilish marosimida viloyat va shahar hokimligi hamda keng jamoatchilik vakillari, oʻquvchi-yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, yurtimizda oʻgʻil-qizlarimizning intellektual salohiyatini oshirish, isteʼdod va iqtidorini roʻyobga chiqarish uchun taʼlim muassasalarida qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani navqiron avlodga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor namunasidir.
Termiz shahrida bunyod etilgan zamonaviy taʼlim dargohi 168 oʻringa moʻljallangan boʻlib, ikki qavatli oʻquv binosi, oshxona, yotoqxona, sport zali zarur jihozlar bilan taʼminlangan.
Mazkur Prezident maktabiga 2021-2022 oʻquv yilida oʻqish istagini bildirib onlayn shaklda hujjat topshirgan 9074 nafar talabgorning bilim va qobiliyati ikki bosqichda sinovdan oʻtkazildi. Natijada 144 nafar oʻquvchi-yoshlar oʻqishga qabul qilindi.
— Maktabimizda jahon standartlariga javob beradigan oʻquv sharoitlari yaratilgan, — deydi Prezident maktabi ijrochi direktori Gʻofur Togʻayev. — Taʼlim jarayoni Cambridge universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv reja va dasturlar asosida ingliz tilida olib boriladi. Xususan, oʻquvchilarga tabiiy va aniq fanlar, axborot texnologiyalariga oid fan asoslari integratsiyalashtirilgan holda mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar tomonidan oʻqitiladi. Bu yerdagi taʼlim-tarbiya ishlariga 12 nafar xorijiy, 20 nafar mahalliy pedagoglar jalb etilgan.
Prezident maktabi ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov qatnashib, pedagogik jamoa va oʻquvchi-yoshlarni muborakbod etdi.
— Prezident maktabi oʻquvchisi boʻlish bugungi kunda tom maʼnoda yurtimiz yoshlari qalbidagi orzu-havasga aylanib ulgurdi. Surxon vohasida yashovchi 9 ming nafardan oshiq yoshlar mazkur taʼlim dargohida oʻqishga talabgor boʻlgani ham shundan dalolat bermoqda. Imtihonlar natijasida eng bilimli, yuqori intellektual salohiyatga ega 144 nafar oʻgʻil-qiz mana shu baxtga muyassar boʻlishdi. Oʻz oldiga aniq maqsadlarni qoʻyib, oʻqib-oʻrgangan bu yoshlardan, albatta, umidimiz katta! Zeroki, Yangi Oʻzbekistonning yuksak taraqqiyotini taʼminlash, Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyishda yoshlarimiz hal qiluvchi oʻrin tutishi muqarrar, — dedi viloyat rahbari.
Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring