Termiz shahriga kirib-chiqish toʻxtatildi

09:34 17 Iyun 2020 Jamiyat
1010 0

Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov 16-iyundan boshlab Termiz shahriga kirib-chiqish vaqtincha toʻxtatilganini eʼlon qildi.

«Kuzatilayotgan epidemik vaziyatni hisobga olib, biz bugundan Termiz shahriga kirib-chiqishni toʻxtatdik va bir qator yumshatishlarni bekor qildik.

Termiz shahri fuqarolari, tadbirkorlari bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, karantin talablariga rioya etishi lozim. Shu bilan birga, epidemik vaziyat murakkab boʻlgan Termiz, Denov, Muzrabot, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon va Boysun tumanlarida ham karantin talablarini qatʼiylashtiramiz.

Shuning uchun aholidan zarur boʻlmagan holatlarda koʻchaga chiqmasliklarini, juda zaruriyat tugʻilganda karantin qoidalariga amal qilgan holda niqob taqib chiqishlarini, shifokorlar tavsiyasiga koʻra yuz-qoʻllarini gigiyena vositalarida doimiy tozalab turishlarini iltimos qilaman.

Agar oila aʼzolaringizdan kimningdir harorati keskin oshadigan yoki sogʻligʻida boshqa biror oʻzgarish boʻlsa zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qiling.

Oʻtib ketadi, deb mustaqil davolanishga urinmang! Kasallik qancha erta aniqlansa, uning oldini olish ham oson kechadi.

Baʼzi fuqarolar andisha qiladi, uyda davolanaman deb oila aʼzolari va yaqinlari hayotini katta xavf-xatarga qoʻyadi. Shuning uchun, avvalo, oʻzingiz, oila aʼzolaringiz hamda yaqinlaringiz sogʻligʻini oʻylashingizni soʻrayman» — deyiladi viloyat hokimi murojaatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер