TDPU rektorining jarimaga tortilgani boʻyicha munosabat
Kuni kecha internet saytlari orqali Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori maʼmuriy sud tartibida javobgarlikka tortilgani haqida maqola eʼlon qilindi.
Ushbu holat boʻyicha Toshkent davlat pedagogika universiteti quyidagilarni maʼlum qiladi: avval xabar berganimizdek, sobiq kafedra mudiri Sh.Rahimovani ishga tiklash boʻyicha fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudining qarori yuzasidan universitet tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritilgan. Sud jarayonlari hali oxiriga yetmagan.
Hozirda Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan daʼvogar Sh.Rahimovani avval egallab turgan kafedra mudiri lavozimi yoki universitet tizimida unga teng boshqa lavozim bilan ishga tiklash toʻgʻrisidagi sudning ijro hujjati amalga oshirilgan. Ushbu holat toʻgʻrisida universitet tomonidan MIB Chilonzor tumani boʻlimiga bir necha bora rasmiy xat yuborilgan.
Hozirgi paytda universitet rektorining 2020-yil 10-avgustdagi buyrugʻiga asosan mazkur kafedra mudiri sifatida ilmiy darajaga ega boʻlgan I.I. faoliyat olib boradi. Ayni damda universitetning oʻzida ushbu lavozimga teng boʻsh joylar mavjud emasligi sababli, Sh.Rahimova Toshkent davlat pedagogika universitetining Xoʻjayli xizmat koʻrsatish va servis texnikumi direktorining oʻrinbosari etib tayinlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi PF-5812-sonli “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Xoʻjayli xizmat koʻrsatish va servis texnikumi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufiga berilgan va texnikum uning ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu lavozim oylik ish haqi va mavqei jihatdan universitet kafedra mudiri lavozimiga teng hisoblanadi.
Shunga qaramasdan MIB Chilonzor tuman boʻlimi sud qarori ijrosini taʼminlamagan deb rektorga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllash masalasini koʻrib chiqish uchun maʼmuriy sudga taqdimnoma kiritgan. Maʼmuriy sudga universitet rektori belgilangan tartibda chaqirilmagan, sudga kelish yuzasidan chaqiruv qogʻozi berilmagan, va rektorning xabari boʻlmaganligidan foydalanib uni sudda kelmagan deb noqonuniy ravishda eʼlon qilib qaror chiqarilgan. Hozirda universitet tomonidan maʼmuriy sud qaroriga kassatsiya shikoyati kiritilgan.
Shu oʻrinda yuqoridagi holatlarning barchasi apellyatsiya asosida endi boʻlib oʻtadigan sud jarayoniga bosim va taʼsir koʻrsatish uchun qilingan harakatlardir. Shuni inobatga olgan holda, MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati vaziyatga xolis baho beradi degan umiddamiz.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring