Taqdiring shunday ekan, xafa boʻlmay ket...(Badia)
Bir vaqtning oʻzida ham xafa boʻlib, ham xursand boʻlib xayrlashish mumkinmi? Na ilojki, mumkin ekan...
...Biz seni tarix sahnasi atigi bir bor namoyish etadigan va boshqa hech qachon takrorlanmaydigan, ikki yondan qaralganda ham, bir- biriga egizakdek oʻxshash goʻzalliging, kelbatingga maftun boʻlib, shodon kutib olgandek.
Ortdagi yoʻllarda bani bashar hech koʻrmagan va oldda ham koʻrmaydigan Sendek Yagona bilan diydorlashish bizga nasib etganidan oʻzimizni baxtiyor deb bilgan edik. Va sendan gʻoyibona mujdalar kutgandik...
Ne ajabki, qoʻlga ilinmas, koʻzga koʻrinmas bir zarra, bir tojdor oydek suluv chehrangga soya soldi va u, dunyoyu dun bor ekan, Seni ana shu dogʻ ila eslatib , koʻngillarga xavotir solib turadi. Ammo buning uchun Sendan aslo xafa emasmiz.Taqdiring - Yaratganning irodasi!
Xafamizki, aprelingda lolazorni sayr qilolmadik, mayda «Salom, togʻlar!” deya xayqirolmadik. Bahor “Nega meni kutib olmadingiz, «Kel, koʻklamim” deya peshvoz chiqmadingiz , nega lolaqizqaldogʻu chuchmomalarimni suyib, erkalamadingiz...? ” deya sanoqsiz savollari bilan deraza ortidan hayronu lol oʻtib ketdi. Afsuski, biz bilgan, bilmagan, tuproq ustida yayrab-yashnab yurgan ne bir kishilar ham soʻnggi taajjub nigohlari ila bahornida, yozni-da, kuzu qishni abadiy tark etdi... Shundan xafamiz.
Va yana koʻp narsani bilaman, har narsaga qodirman degan Insonning aslida bu yorugʻ olamda juda ojiz ekanligidan, bir zarra qudrati oldida, u yaratgan jadalligi ovozdan tez sayyoralararo uchgichlariyu, olamshumul kashfiyotlari hech narsa emasligidan koʻnglimiz choʻkdi.
Xijolat boʻlmagin sira, nafsilamrini aytganda, Sendan minnatdormiz ham.
Illo, sening ana shu noqulay tashrifing tufayli, koʻp narsalardan ogoh boʻldik, saboq oldik, tajriba orttirdik va yaxshi natijalarga erishdik. Zero,sinovlar zamirida ertangi kunning xushnud mujdalari borligini koʻrdik, Senda!
Biz Sendan xursandmizki, yurtimizni asrading, avaylading, koʻp ozor yetkazmading!
«Uyda qoling!”, «Uyda qoling!” deya iltijoyu iltimos qilgan boʻlsang-da, tashqaridagi ishlarimizga barakot berding, barcha niyatlarimizga yetdik, dasturxonimizni farovon , hosil xirmonlarimizni baland qilding!
Garchi, “Uyda qoling!”, «Oʻzingizni, yaqinlaringizni ehtiyot qiling” deya ogohlik qoʻngʻirogʻini chalgan boʻlsang-da, yaratuvchilik simfoniyasi bir zum ham toʻxtamadi.Hayotbaxsh ohanglari jonajon Oʻzbekistonimizning barcha manzillarida baralla yangrab turdi!
Seni xushhollik bilan, minnatdorona kuzatayotganimizga yana bir va eng oliy sababi shuki, Sen xalqimizning naqadar mehr- oqibatli, hamjihat ekanligini butun dunyoga nafaqat koʻrsatding, balki, yana bir bor namuna ham qilding!
Sendan aslo xafa emasmiz!
Hammasi uchun rahmat deymiz Senga, sinovlar orqali yoʻllagan saboqlaring uchun!
Va baxtiyorlikning eng oliy mezoni sogʻliq, bir- birimizga boʻlgan mehr- muhabbat ekanligini eslatganing uchun!
Shubhasiz, yuz, ming, million yildan keyinmi, qachonki, Sen yodga olinar ekansan, bu darslaring insoniyatga mangu eslatma boʻlib qoladi.
Xayr, IKKI MING YIGIRMANCHI YIL!
Sen ham xafa boʻlmay ketginki,yozigʻingda bor ekan, sening sahifalaringga oʻzing ham istamagan bitiklar bitildi...
Xayr...alvido!
Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring