Tanzila Norboyeva Turkiyaning oila ishlari va ijtimoiy taʼminot boʻyicha vaziri bilan uchrashdi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahriga amaliy tashrifi davomida Turkiyaning oila ishlari va ijtimoiy taʼminot boʻyicha vaziri Maxinur Ozdemir Goktash bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Davlatlarimiz rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli bugun Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlari oʻzaro ishonch asosida rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.
Muloqot chogʻida gender tenglikni taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlash borasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ayollarga nisbatan va oiladagi zoʻravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida tashkiliy-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha tajriba almashish maqsadida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi bilan Turkiya parlamentining Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar qoʻmitasi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish taklifi ilgari surildi.
Konstruktiv va amaliy ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish borasida qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring