Taʼlimdagi muhim vazifalarga bagʻishlangan yuzma-yuz muloqot
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Shu kunlarda Qoʻqon shahridagi 23 — umumtaʼlim maktabida “Qoʻqon shahridagi oliy va professional taʼlim, maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini tizimli tashkil etish, muammolar va ularni bartaraf etish, istiqboldagi rejalar” mavzusida oʻquv seminari boʻlib oʻtmoqda.
Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan seminar doirasida ushbu taʼlim muassasasida shahar va tuman hokimlari, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha hokim oʻrinbosarlari hamda maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi rahbarlari ishtirokida yuzma-yuz muloqot oʻtkazildi.

Mazkur maktabda 2021-yili davlat byudjeti mablagʻlari hamda bilim dargohining sobiq oʻquvchilari homiyligida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Natijada ming nafarga yaqin kelajagimiz vorislari taʼlim-tarbiya oladigan maskanda xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, kasb-hunarlarni oʻrganish borasida zamonaviy sharoitlar yaratildi. Oʻtgan oʻquv yilida maktab bitiruvchilarining 50 foizi oliy taʼlimga kirgan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkichni 70 foizga yetkazish maqsad qilingan.
— Yoshlarning yuksak bilim va salohiyati, keng dunyoqarashga ega boʻlishi mamlakatimiz kelajagi uchun eng yaxshi investitsiya, — dedi viloyat hokimi. — Har bir shahar, tuman hokimi, taʼlim sohasiga masʼul rahbar bu xayrli yumushga doimo jiddiy eʼtibor qaratishi zarur.

Shuningdek, tadbir davomida hududlarda taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini yaxshilashga koʻmaklashish, yoshlarga oʻqish, kasb-hunar oʻrganish, maʼnaviyatini yuksaltirish uchun qulayliklar yaratish hamda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi muhim vazifalar muhokama qilindi.
Yuzma-yuz muloqotda Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Gʻayratulla Yoziyev, Prezident maslahatchisi oʻrinbosari Qahramon Sariyev, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Farhod Boqiyev ishtirok etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring