Taʼlimda innovatsiya va innovatsion faoliyat uygʻunligi

14:31 31 Iyul 2024 Jamiyat
399 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona politexnika instituti sanoat korxonalari bilan hamkorlik koʻlamini kengaytirish borasida ulkan yutuqlarga erishmoqda. Viloyat hokimi oliy taʼlim dargohida boʻlib, natijalar va kelgusi rejalar xususida professor-oʻqituvchilar, talabalar bilan suhbatlashdi. Yuzma-yuz muloqotda ilmiy izlanishlar, amaliy saʼy-harakatlar koʻlamini kengaytirib borish hayotiy zarurat ekanligi taʼkidlandi. Fargʻona viloyatining sanoat, eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlik, investitsiya muhitini yaxshilash hamda shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratishda bu kabi zamonaviy yondashuvlar katta samara berishi eʼtirof etildi.

Institutda oxirgi uch yilda ilmiy ishlar, innovatsiyalar hamda tijoratlashtirish faoliyati 45 milliard soʻm mablagʻ jalb etildi. Taʼlim xizmatlari eksportini amalga oshirish, xalqaro loyihalar va grantlar orqali jalb etilgan xorijiy investitsiyalar miqdori qariyb 420 ming yevroni tashkil etdi. Shu tariqa taʼlim muassasasida ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish koʻrsatkichi 92 foizga yetkazilishiga erishildi.

— Ayni paytda bilim maskanida qurilish va arxitektura sohasida xizmat koʻrsatuvchi “Farpi Hitech Ehgineer” unitar korxona faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi Fargʻona politexnika instituti rektori Oʻktam Salomov. — Bu yerda bino va inshootlarni loyihalash, qurilish sinov laboratoriyasi, geotopografik loyihalash, bino va inshootlar konstruksiyalarining zilzilabardoshligini baholash kabi 22 ta litsenziyalangan xizmatlar koʻrsatish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻtgan yili mazkur korxona tomonidan umumiy qiymati 1,7 mlrd. soʻmlik xizmatlar koʻrsatildi. Uchrashuvda professor–oʻqituvchilar tomonidan sanoat korxonalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, soy va kanallarda 230 ta mikroGESlar oʻrnatish, sunʼiy intellektdan foydalanib, energiya samaradorligini oshirish, hududlarni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash singari yoʻnalishlarda olib borilayotgan ilmiy-innovatsion loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Viloyat hokimi ilmiy-tadqiqot, oʻquv-ishlab chiqarish kompleksi – Texnopark faoliyati bilan ham tanishdi. Hozirda ushbu majmuada 40 dan ortiq doktorant va mustaqil tadqiqotchilar hamda 20 nafardan ziyod magistrlar ilmiy izlanishlar olib bormoqda. 800 dan koʻproq bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotga jalb etilgan.

Institutning spin–off korxonalari joriy yilda 40 mlrd. soʻm, keyingi yili 100 mlrd. soʻm daromad olishni rejalashtirgan. Eʼtiborlisi, mazkur korxonalar ishchi-xizmatchilarining 90 foizi institutning oʻqituvchi va talabalaridir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер